Tramp ishga kirishdi. Dunyo siyosiy tizimi uchun 4 yillik jiddiy sinov boshlandi!

Olam

Amerika Qo‘shma Shtatlarida hokimiyat jilovi rasman Donald Tramp qo‘liga o‘tdi. U 20 yanvar kuni prezidentlik qasamyodini qabul qildi va bu bilan nafaqat AQSH, balki butun dunyoda o‘zgacha davr boshlandi. Chunki Tramp Oq uy postini egallashi bilan qisqa soatlar ichida yuzlab qonunlarni imzolashi kutilayotgandi. Uning bu boradagi va’dalari yaqin fursatlarda o‘z isbotini topadi.

Asr “come back”ini amalga oshirgan nyu-yorklik tadbirkorning AQSH prezidenti sifatidagi innauguratsiya marosimini butun dunyo ommaviy axborot vositalari qizg‘in kuzatdi. Bir kun oldin u Vashingtonga yetib kelib, oxirgi marta saylangan prezident sifatida Capital one arenasida o‘zining g‘alabasini nishonlash, tarafdorlariga minnatdorlik bildirish hamda kelajakdagi maqsad va ustuvorliklarni belgilash uchun poytaxt aholisi bilan uchrashgandi.

20 yanvar tongida esa, ananaga ko‘ra, Tramp xotini Melaniya bilan birga Oq uy qarshisidagi  Avliyo Ioann cherkoviga bordi. Uning ortidan saylangan vitse-prezident Jeyms Devid Vens ham cherkovga yetib keldi.

Shundan so‘ng Oq uyning bo‘lajak egalari o‘zlarining keyingi 4 yillik manziliga otlandi. Ularni prezidentlikdan ketayotgan Jo Bayden va birinchi xonim Jill Bayden kutib oldi. Juftliklar Oq uyda an’anaviy tarzda choy ichishdi.

Shundan so‘ng Bayden va Tramp birgalikda limuzinda AQSH Kongressi saroyi tomon yo‘l oldi. An’anaga ko‘ra, iste’foga chiqqan prezident qasamyod qabul qilish marosimida saylangan prezidentga AQSH Kongressiga borguncha hamrohlik qildi. 2017 yilda ham prezident Barak Obama Trampga hamrohlik qilgan. Biroq 2021 yilda Tramp Baydenning qasamyod marosimini o‘tkazib yuborgan. Shuningdek, Bayden Oq uyni tark etayotganida jurnalistlarga Oval kabinetda Tramp uchun maktub qoldirganini aytdi. Qayd etish joiz, Tramp ham 2021 yilda Baydenga  maktub qoldirgan.

Prezidentlar Kongress tomon kelar ekan, Kapitoliy binosining Rotunda zalida Barak Obama, Hillari va Bill Klinton, Amazon rahbari Jeff Bezos, Apple rahbari Tim Kuk, Google rahbari Sundar Pichai va Facebook asoschisi Mark Sukerberg Trampning inauguratsiyasi uchun bir joyda yig‘ilgan holda ularni kutardi.

Marosimda birinchi bo‘lib Vens qasamyod qildi.

"Men, Jeyms Devid Vens,  Amerika Qo‘shma Shtatlari Konstitutsiyasini barcha tashqi va ichki dushmanlarga qarshi qo‘llab-quvvatlashga va himoya qilishga, chinakam e’tiqod va sodiq bo‘lishga tantanali ravishda qasamyod qilaman: men bu majburiyatni hech qanday ruhiy shartlarsiz yoki undan qochish maqsadisiz erkin qabul qilaman va kirmoqchi bo‘lgan idoramning vazifalarini yaxshi va sodiqlik bilan bajaraman. Shunday ekan, Xudoyim menga yordam ber", deya yig‘ilganlar oldida qasam ichdi Vens.

Shundan so‘ng Prezident Tramp qasamyod qabul qildi.

"Men, Donald Jon Tramp, Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti lavozimini sodiqlik bilan bajarishga va qo‘limdan kelgancha Qo‘shma Shtatlar Konstitutsiyasini saqlashga, asrashga va himoya qilishga tantanali ravishda qasamyod qilaman. Shunday ekan, Xudoyim menga yordam ber", deya qasamyod qildi Tramp.

Shunday qilib Tramp rasman AQSHning 47-Prezidenti bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing