Tramp ayrim mahsulotlarga yana bojlar joriy etdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakatga kelayotgan barcha po‘lat va alyuminiy mahsulotlariga 25 foizlik bojlar joriy etishini ma’lum qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Tramp bugun, 10 fevraldan boshlab boshqa mamlakatlardan AQSHga import qilinadigan barcha po‘lat va alyuminiyga 25 foizlik bojlar joriy etish niyatida ekanini ma’lum qilgan.

“Qo‘shma Shtatlarga jo‘natilgan har qanday po‘latga 25 foizlik boj qo‘yiladi”, degan Tramp.

Shuningdek, u AQSH importiga soliq soluvchi barcha davlatlar uchun shu hafta oxirida o‘zaro tariflar e’lon qilinishini aytgan, biroq bu qaysi davlatlarga ta’sir qilishini aytmagan.

“Agar ular bizdan undirishsa, biz ulardan undiramiz”, degan u.

“Reuters” nashri Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Trampning bayonoti fonida AQSHga tashrifi arafasida iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida Amerika tovarlariga bojlarni kamaytirish masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar qilgan. Manbaga ko‘ra, bu harakat AQSHning Hindistonga eksportini oshirishi va savdo urushi xavfini kamaytirishi uchun amalga oshirilgan.

Ma’lumot uchun, Qo‘shma Shtatlarga eng yirik po‘lat yetkazib beruvchilar qo‘shni Meksika va Kanada sanaladi. Tramp o‘zining birinchi muddatida Kanada, Meksika va Yevropa Ittifoqidan po‘lat importiga 25 foiz va alyuminiy importiga 10 foiz bojlar kiritgan. Bir yil o‘tgach, AQSH Kanada va Meksika bilan ushbu tariflarni bekor qilish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Eslatib o‘tamiz, 1 fevral kuni Donald Tramp Meksika va Kanadadan olib kelinadigan mahsulotlarga 25 foiz, Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga esa 10 foiz bojlarni joriy etish haqidagi farmonni imzolagandi. Kanadadan import qilinadigan energiya resurslariga qo‘llaniladigan bojxona bojlari 10 foizni tashkil etardi. Ushbu tariflar Kanada neft, gaz va elektr energiyasini o‘z ichiga olgan barcha energetika tarmog‘iga taalluqli bo‘lishi kerak. 2 fevral kuni esa Kanada hukumati AQSH harakatlariga javoban bugun, 4 fevraldan boshlab AQSH mahsulotlariga ham 25 foiz bojxona bojlarini joriy etishni va bu chora go‘sht, sut va sut mahsulotlari, meva, sabzavot hamda alkogolli ichimliklarni qamrab olishini ma’lum qilgan edi.

Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muzokara o‘tkazib, AQSH tomonidan joriy etilishi rejalashtirilgan bojxona to‘lovlarini kamida 30 kunga to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp boj po'lat va alyuminiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing