Tramp Afg‘onistondan AQSH qo‘shinlarini olib chiqishda ishtirok etganlarni jazolamoqchi – OAV
Olam
−
18 noyabr
5283AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampning jamoasi 2021 yilda Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqishda qatnashgan amaldagi va sobiq yuqori martabali harbiylarning ro‘yxatini tuzmoqda hamda ularni javobgarlikka tortish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, NBC News xabar berdi.
Telekanal manbasiga ko‘ra, Tramp jamoasi ushbu qarorga aloqador shaxslarni aniqlash maqsadida maxsus komissiya tashkil etishni rejalashtirmoqda. Xususan, ular harbiylarga davlatga xiyonat kabi ayblovlarni qo‘yish va ularni harbiy tribunalga tortish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.
“Tramp jamoasi bunga juda jiddiy qarayapti”, deydi telekanal manbalaridan biri.
Bildirilishicha, ushbu masalani boshqarayotganlar orasida sobiq mudofaa vazirining narkotiklar va global tahdidlarga qarshi kurash bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Mett Flinn ham bor. Biroq AQSH harbiylari amaldagi Prezident Jo Baydenning buyrug‘ini bajargani sababli davlatga xiyonat kabi ayblovlarning huquqiy asosi hali aniqlanmagan.
Ma’lumot uchun, AQSH qo‘shinlari 2001 yil 11 sentyabr teraktlaridan so‘ng Afg‘onistonga kiritilgan edi. Ularning asosiy maqsadi ushbu hujumlar uchun javobgar deb topilgan “Al-Qoida” guruhini yo‘q qilish bo‘lgan. 2020 yilda missiyani tugatish bo‘yicha dastlabki kelishuvni Tramp imzolagan. Qo‘shinlar olib chiqilishi bir yil o‘tib, Bayden prezidentligi davrida amalga oshirilgan. Shundan so‘ng Afg‘onistonda hokimiyatni “Tolibon” harakati (hozirgi muvaqqat hukumat) egallagan.
Jo Bayden "Tolibon" hukumatini tan olishdan bosh tortmoqda. Oxirgi yillarda “Tolibon” ayollar huquqlarini keskin cheklab qo‘ydi. Shu sababli AQSH va uning ittifoqchilari ularni inson huquqlari masalalari va mintaqada terrorchilik guruhlarining tarqalishi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga chaqirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 5 noyabrda bo‘lib o‘tgan AQSH prezidentlik saylovlarida Tramp g‘alaba qozongandi. U Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqishni “tarixdagi eng sharmandali lahza” deb atagan. Respublikachi prezidentlikka qaytgach, Afg‘onistondagi “falokat”ga aloqador har qanday yuqori martabali harbiy amaldorni ishdan bo‘shatishga va’da bergan. O‘z navbatida, "Tolibon" Trampning g‘alabasini AQSH bilan munosabatlarni yangi sahifadan boshlash imkoniyati bilan bog‘lamoqda.
LiveBarchasi