Tramp Abu-Dabiga yetib bordi (video)
Olam
−
15 may
4142Bugun, 15 may kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp rasmiy davlat tashrifi bilan Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahriga yetib bordi. Bu haqda “Sky News Arabia” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Prezident Tramp va uning hamrohligidagi delegatsiyani Abu-Dabi aeroportida BAA Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon kutib olgan.
Shuningdek, uni kutib olganlar qatorida Abu-Dabi valiahdi, milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchi shayx Tahnun bin Zoid Ol Nahayon, Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari va Tashqi ishlar vaziri shayx Abdulloh bin Zoid Ol Nahayon, Prezident maslahatchisi shayx Muhammad bin Hamad bin Tahnun Ol Nahayon, Prezident idorasining strategik masalalar bo‘yicha rahbari, doktor Ahmad Muborak al-Mazrui, BAAning AQSHdagi elchisi Yusuf al-Utayba va boshqa yuqori martabali amaldorlar bo‘lgan.
Tashrif davomida Tramp Abu-Dabidagi Shayx Zoyid masjidini ziyorat qiladi, shundan so‘ng u Prezident saroyi Qasr al-Vatan hovlisida rasmiy qabul marosimi va tantanali kechki ovqatda ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Ertaga, 16 may kuni AQSH Prezidenti Abu-Dabidagi Amerika elchixonasi xodimlari bilan uchrashadi. Shuningdek, u amerika-amirliklar ishbilarmonlar forumiga tashrif buyuradi.
Eslatib o‘tamiz, ayni damda Tramp Yaqin Sharqqa tashrif buyurgan. AQSH Prezidenti hozirgacha mazkur tashrif davomida Saudiya Arabistoni bilan AQSH iqtisodiyotiga 600 mlrd dollar sarmoya kiritish bo‘yicha bitim imzoladi.
Shuningdek, Tramp va Qatar hukumati o‘rtasida 1,2 trillion dollardan ortiq qiymatga ega iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Mazkur shartnoma Boeing kompaniyasi Qatarga 200 mlrd dollarlik 160 dan ortiq samolyot yetkazib berishi to‘g‘risida kelishuvni ham o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan paytda Tramp Suriyaga qarshi barcha AQSH sanksiyalarini bekor qilishini e’lon qildi. Bu qaror ijtimoiy va diplomatik doiralarda katta rezonansga sabab bo‘ldi. Tramp, shuningdek, Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara bilan uchrashdi va uni Isroilni tan olish va Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishga da’vat etdi.