Tramp 2 davlatga AQSH shtatiga aylanishni taklif qildi
Olam
−
10 dekabr
18498AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Meksika va Kanada mamlakatdan subsidiya olishni davom ettirishni istasa, AQSH shtatiga aylanishini taklif qilgan. Bu haqda u NBC News telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Trampga ko‘ra, agar Kanada va Meksika AQSHga migrantlar va giyohvand moddalar oqimini kamaytirmasa, Tramp ushbu mamlakatlar mahsulotlariga 25 foizlik bojxona solig‘i joriy etish bilan tahdid qilgan. U o‘zining bojxona rejasini himoya qilib, AQSH Meksikaga yiliga qariyb 300 milliard dollar, Kanadaga esa taxminan 100 milliard dollar subsidiya ajratayotganini ta’kidlagan.
“Biz Kanadaga yiliga 100 milliard dollardan ortiq subsidiya beryapmiz. Meksikaga esa qariyb 300 milliard dollar. Nima uchun biz bu mamlakatlarga subsidiya berishimiz kerak? Agar ularni subsidiyalamoqchi bo‘lsak, ular shtatga aylansin”, degan Tramp.
AQSH aholini ro‘yxatga olish byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda Kanada bilan tovar va xizmatlar savdosi taqchilligi qariyb 41 milliard dollarni, Meksika bilan esa 162 milliard dollarni tashkil qilgan.
Ma’lum qilinishicha, hozirda AQSH–Meksika–Kanada o‘rtasida mahsulotlar uchun boj olinmaydigan kelishuv mavjud bo‘lib, Tramp ushbu qarorni o‘zining birinchi prezidentlik davrida imzolagan.
Ma’lumot uchun, AQSH, Meksika va Kanada davlatlar o‘rtasida erkin savdo zonasini yaratishni o‘z ichiga olgan uch tomonlama kelishuv (USMCA) bilan bog‘langan. Tramp prezident sifatidagi birinchi kuni, 2025 yil 20 yanvarida noqonuniy immigratsiya va giyohvand moddalar kontrabandasi bilan bog‘liq holda Kanada va Meksikadan kelayotgan barcha tovarlarga 25 foizlik bojlar joriy etishini ma’lum qilgan.
Keyinchalik “The Wall Street Journal”ning yozishicha, bu tahdid kanadalik siyosatchilar va biznesmenlarni hayratda qoldirgan. Kanada umumiy eksportining taxminan to‘rtdan uch qismi Qo‘shma Shtatlarga to‘g‘ri kelganligi sababli, Amerika bozoriga bojsiz kirish Ottavaning iqtisodiy o‘sishi uchun juda muhimdir.
Eslatib o‘tamiz, Meksika Prezidenti Klaudiya Sheynbaum Tramp Oq uyga qaytgach, Meksika uchun 25 foizlik umumiy tarifni joriy qilsa, Meksika ham javob choralarini ko‘rishini aytgandi. Tramp esa Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo bilan uchrashuvda Ottava noqonuniy migratsiya va giyohvand moddalar kontrabandasi muammosini hal qila olmasa, Kanada AQSHning 51-shtatiga aylanishi mumkinligi bilan tahdid qildi.
Mohinur Karimova
LiveBarchasi