“Tojsiz qirol” 33 yoshga to‘ldi
Sport
−
05 fevral 14773 3 daqiqa
Bugun, 5 fevral kuni yana bir futbol afsonasi braziliyalik Neymarning tug‘ilgan kuni. Faoliyatining cho‘qqisiga chiqishiga jarohatlar xalaqit bergandir, ammo u ham futbol muxlislarining yodida qoldi.
Neymarni kashf etgan “Santos”

Neymar Junior 1992 yilning 5 fevralida Braziliyaning San-Paulu shtatida tug‘ilgan. Boshqa braziliyalik futbolchilar kabi u ham qashshoq oilada voyaga yetgan. Neymar 1999 yildan boshlab “Santos” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U asosiy jamoaga o‘tmasdan turib, Yevropaning bir qancha TOP klublari e’tiboriga tushdi. “Manchester Siti”, “Barselona”, “Real Madrid”, “Arsenal”, “Chelsi”, “Milan” klublari futbolchini o‘z safiga qo‘shib olmoqchi bo‘ladi. Hattoki 14 yoshida “Real Madrid” akademiyasiga ham boradi.
2008 yilda Neymar o‘zining professional shartnomasini “Santos” bilan birga imzolaydi. Klub safida 2013 yilga qadar faoliyat olib borgan Neymar jamoa tarkibida rasmiy o‘yinlarda umumiy 103 ta o‘yinda maydonga tushib, 54 ta gol urishga muvaffaq bo‘ladi. U “Santos” bilan birga Paulista ligasida uch marta zafar quchadi. Braziliya kubogi, Libertadores Kubogi va Rekopa Janubiy Amerika kubogini qo‘lga kiritadi.
“Barselona”da shuhrat qozongan Neymar

“Santos”dagi yorqin o‘yinlari bilan muxlis-u mutaxassislarni o‘ziga jalb eta olgan Neymar 2013 yilning 26 mayida 50 million yevro evaziga “Barselona”ga ko‘chib o‘tadi. Uning Kataloniya klubidagi maoshi yiliga 7 million yevro etib belgilandi. 2013 yilning 3 iyunida “Kamp Nou”da u rasman “Barselona” futbolchisi sifatida tanishtiriladi. Klub safidagi ilk mavsumida braziliyalik futbolchi La Liga doirasida 9 ta, Ispaniya kubogi doirasida 1 ta, Chempionlar ligasida 4 ta va Ispaniya Superkubogi bahslarida 1 ta, umumiy 9 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi va 12 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
“Barselona” tarkibida barcha musobaqalarda umumiy 123 ta o‘yinda maydonga tushib, 68 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Jamoa bilan 2 karra La Liga va 3 karra Ispaniya kubogida, shuningdek, 1 martadan Ispaniya Superkubogi, Yevropa Chempionlar ligasi, UEFA Superkubogi, klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida zafar quchdi.
Futbol tarixidagi eng qimmat transfer

“Barselona”dagi yorqin faoliyatdan keyin Neymar kutilmaganda jamoani tark etishga qaror qiladi va 2017 yilning 3 avgustida bonuslar bilan hisoblaganda 222 million yevro evaziga Parijning PSJ klubiga ko‘chib o‘tdi. Shu tariqa, “Barselona”dagi MSN triosiga putur yetdi.
Parijliklar safida 2017 yildan 2023 yilga qadar to‘p tepgan Neymar klub tarkibida barcha musobaqalarda 112 ta o‘yinda maydonga tushib, 82 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Jamoa bilan 5 karra Fransiya chempioni, 3 martadan Fransiya kubogi va Superkubogi va 2 marta Fransiya Liga kubogiga ega chiqdi.
Saudiya Neymarni pulga ko‘mdi

2023 yilning 15 avgustida bir qator futbol yulduzlari kabi Neymar ham Saudiyaga ko‘chib o‘tishga qaror qiladi va mamlakatning eng sovrindor klubi a’zosiga aylanadi. PSJ bu transferdan 90 million yevro ishlab oldi. Futbolchining o‘zi esa yiliga 100 million yevro maosh olishi belgilandi. Ammo jarohatlar uni bu klubda ham yorqin faoliyat olib borishga yo‘l qo‘ymadi. Parijdan jarohati bilan kelgan futbolchi Saudiyadagi faoliyati boshlanishiga ulgurmasdan yana jarohat oldi va uzoq muddatga safdan chiqdi. Klub safida u 3 ta o‘yinda maydonga tushdi va 1 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Daydi o‘g‘il “Santos”ga qaytdi

Jarohatlar sabab o‘zini ko‘rsata olmagan Neymarni Saudiya shayxlari sotishga qaror qildi va u oxir oqibat 2025 yilning yanvar oyida o‘zining qadrdon klubi “Santos”ga qaytdi. Jamoa ham Neymarni iliq kayfiyatda kutib oldi. Neymar ham tanishtiruv marosimida hissiyotlarini jilovlay olmadi va ko‘z yosh bilan muxlislar qarshisiga chiqdi.
33 yoshni qarshi olgan Neymar futbolchilik faoliyati davomida umumiy 719 ta o‘yinda maydonga tushib, 439 ta gol urdi va 279 ta assist amalga oshirdi. Neymar faoliyatida jarohatlar bo‘lmaganida balki “qirol” bo‘la olardi. Ammo u ko‘pchilikning yodida “tojsiz qirol” nomi bilan qolmoqda.