Tojikistondan narkotik modda olib kelib, sotayotgan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
09 avgust
4076Tojikistonlik fuqarodan narkotik moddaning har bir kilogrammini 6500 AQSH dollariga sotib olib, Xorazm viloyatida sotishni rejalashtirgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Toshkent-Farg‘ona” yo‘nalishida harakatlanayotgan, Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi Damas rusumli avtomashina “Namangan” YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Natijada avtotransport vositasining orqa o‘rindig‘iga yashirib qo‘yilgan 9 kg 573 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, mazkur shaxsning yashash xonadonidan ham 2 kg 779 gr “gashish” va 1 kg 29 gr “opiy” moddalari hujjatlashtirib olingan.
Tezkor tadbir davomida, ushbu fuqaroning Farg‘ona va Marg‘ilon shaharlarida istiqomat qiluvchi 1987, 1989 va 2003 yillarda tug‘ilgan sheriklari ham qo‘lga olingan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Tuproqqal’a tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Samarqand-Xorazm” yo‘nalishida harakatlanayotgan, Samarqand shahrida yashovchi 1992 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi Kia rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Natijada avtomashinada 2 kg 821 gr “opiy” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Aniqlanishicha, u Tojikiston Respublikasida yashovchi fuqarodan har bir kilogrammini 6500 AQSH dollaridan sotib olgan ushbu narkotik moddani Xorazm viloyatida sotishni rejalashtirgan.
Toshkent shahrining Yashnobod tumanida istiqomat qiluvchi 1990 yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda esa kir yuvish vositalari paketlariga qadoqlangan 45 kg 898 gr kristall kukunsimon moddalar mavjud bo‘lib, ularning tarkibida “Pregabalin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi borligi aniqlangan. Shuningdek, faol tadbir davomida 1 kg 190 gr “Tropikamid” moddasi ham musodara qilingan.
Toshkent shahrining Mirobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanida yashovchi 1986 yilda tug‘ilgan, muqaddam bir necha marotaba sudlangan shaxs 1512 dona “Regapen” va 300 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi 1991 yilda tug‘ilgan, muqaddam bir necha marotaba sudlangan fuqaroga 60 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.
“Ma’lum bo‘lishicha, ushbu dori vositalari Qirg‘iz Respublikasidan olib kelingan. Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni qadoqlab sotgan jinoiy guruh ushlangandi.
LiveBarchasi