Tojikistondagi GES Eron nazoratida qoladigan bo‘ldi

Olam

image
Rog‘un GES hududida joylashgan qabristonlar ko‘chirila boshlandi north_east

Rog‘un GES hududida joylashgan qabristonlar ko‘chirila boshlandi

Tojikiston va Eron Sangtuda-2 GESga kiritilgan sarmoyalarni qoplash muddatini yana 6 yil-u 4 oyga uzaytirishga kelishib oldi. Bu haqda “Asia-Plus” xabar berdi.

“Barki Tojik” va “Sangtuda Sangob” boshqaruv kompaniyasi o‘rtasidagi elektr energiyasini sotib olish shartnomasiga kiritilgan o‘zgartirishlar Tojikiston parlamenti quyi palatasi tomonidan oktyabr oyi boshida ratifikatsiya qilingan edi.

Hujjat joriy yilning 29 may kuni Dushanbe shahrida yuqori darajadagi Tojikiston-Eron muzokaralari yakunlari bo‘yicha imzolangan edi.

Bitimning asl matniga ko‘ra, Eron tomoni 2026 yilning avgustigacha Sangtuda-2 GES qurilishiga kiritilgan sarmoyalarni qaytarishi, shundan so‘ng stansiya Tojikiston hukumati mulkiga aylanishi kerak edi.

Yangi kelishuvlarga ko‘ra, Sangtuda-2 qurilishi uchun sarflangan xarajatlarni qaytarish muddati 2032 yilning oxirigacha uzaytirildi.

Stansiya qurilishiga 256 million dollar sarflangan, shundan 180 million dollari Eron hukumati, 36 million dollari Eronning “Sangob” kompaniyasi va 40 million dollari Tojikiston hukumati tomonidan sarmoya qilingan.

Tojikiston Energetika va suv resurslari vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2012 yildan 2023 yilning oxirigacha “Barki tojik” “Sangtuda-2”dan 451,5 million dollarga 8,9 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi xarid qilgan. Ushbu mablag‘dan zavodga bor-yo‘g‘i 122,5 million dollar (jami ko‘rsatkichning 27,1 foizi) tushgan. “Barki tojik”ning ushbu davrdagi “Sangtuda-2”dan qarzi 329 million dollarni tashkil qildi. Yangi kelishuvga ko‘ra, bu qarz butunlay hisobdan chiqarilgan.

Tomonlar Tojikiston tomoni kelgusi 6 yilu 4 oy davomida Eron tomoniga ma’lum miqdorda (miqdori oshkor etilmagan) to‘lashi, shundan so‘ng stansiya “Barki tojik” boshqaruviga o‘tkazilishi haqida kelishib oldi.

Ma’lumot uchun, Sangtuda-2 GES qurilishi 2006 yilda boshlangan bo‘lib, birinchi agregati 2011 yilning sentyabrida, ikkinchisi 2014 yilning sentyabrida ishga tushirilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari Rog‘un GESdan 20 yil davomida elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston Eron Sangtuda-2 GES Barki Tojik Sangtuda Sangob

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing