Tojikistonda yuz bergan YTHda 10 kishi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
07 avgust 2023
10251Tojikistonning Xatlon viloyatida joylashgan Ko‘lob shahrida yuk mashinasi ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida 10 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Kecha, 6 avgust kuni soat 19:30 da Ko‘lobning “Somoni” bozorida yuk mashinasi bir nechta avtomobillar bilan to‘qnashgan, so‘ngra yaqinroqdagi uyga borib urilgan. Aniqlanishicha, ushbu YTHga yuk mashinasining tormoz tizimi ishlamay qolgani sabab bo‘lgan.
“Asia_Plus”ga viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasidagi manbaning ma’lum qilishicha, hodisada 10 kishi halok bo‘lgan, yana 13 kishi jarohatlangan. Jarohatlanganlarning ikki nafariga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgandan keyin qo‘yib yuborilgan, qolganlari shifoxonaga yotqizilgan. Ulardan besh nafari hozir reanimatsiyada.
TASS agentligidagi manbaga ko‘ra, hodisada 14 kishi jarohatlangan.
Prezident Imomali Rahmon topshirig‘iga ko‘ra voqea joyiga Ichki ishlar vaziri, Sog‘liqni saqlash vaziri, Xatlon viloyati rahbari va boshqa rasmiylar yetib borgan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda. Hodisa oqibatida 7 ta avtomashina va 3 ta turar-joy binosiga jiddiy zarar yetgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qozog‘istonning Turkiston viloyatida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida 9 kishi halok bo‘lgandi.
LiveBarchasi