Tojikistonda Navro‘z bayramida terakt uyushtirmoqchi bo‘lgan 15 kishi hibsga olindi
Olam
−
30 mart 2024
17185Tojikiston xavfsizlik organlari poytaxt va Vahdat shahrida bayram tadbirlari vaqtida teraktlar uyushtirishni rejalashtirganlikda gumon qilingan 15 nafar shaxsni hibsga oldi. Bu haqda “Asia-Plus”ga Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasidagi manbasi ma’lum qildi.
Avvalroq “Asia-Plus”ning huquq-tartibot idoralaridagi manbasi Moskvadagi “Krokus Siti Holl”dagi teraktda gumonlanuvchilar bilan aloqadorligi va ISHID bilan hamkorlik qilgani uchun vahdatlik 9 nafar fuqaro qo‘lga olingani haqida xabar bergandi.
Manbaning aytishicha, hibsga olinganlarning aksariyati Vahdat aholisi bo‘lib, ularning barchasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari tomonidan hibsga olingan va Navro‘z bayrami oldidan Dushanbega olib ketilgan.
15 mahbusning Moskvada 143 kishining o‘limi va yuzlab odamlarning jarohatlanishiga sabab bo‘lgan teraktda gumonlanuvchilarga aloqadorligi ma’lum emas.
“Qo‘lga olinganlarning gumonlanuvchilarga aloqasi bor-yo‘qligini tergov ko‘rsatadi. Ularning barchasi bir zanjirning bo‘lagi bo‘lib, birgalikda harakat qilganmi yoki har biri Rossiya va Tojikistonda alohida terakt uyushtirmoqchimi, hozircha noma’lum. Tergov davom etmoqda va bu savollarga javob berish kerak”, deydi nashr manbasi.
Eslatib o‘tamiz, 24 mart kuni Moskvaning Basmanniy sudi "Krokus" ishi bo‘yicha qo‘lga olingan Dalerjon Mirzoyev, Saidakrami Rachabalizoda, Shamsiddin Faridun va Muhammadsobir Fayzovni (Tojikiston fuqarolari) 22 maygacha hibsga qoldirishga qaror qilgandi. Keyinchalik yana uch kishi – Aminchon, Dilovar va Isroil Islomov (ota va bola)lar qurolli hujum uyushtirishda foydalanilgan Renault avtomobilini sotishda gumonlanib hibsga olindi. Shuningdek, terakt ishtirokchilariga kvartirani ijaraga berganlikda ayblanayotgan Qirg‘izistonda tug‘ilgan Rossiya fuqarosi Alisher Qosimov ham hibsga olindi.
Shuningdek, keyinchalik Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi joriy haftada “Krokus Siti Holl”da terakt sodir etishda gumon qilinganlar hamda ISHIDning Xuroson guruhiga aloqador deb hisoblagan to‘qqiz kishini hibsga oldi.
LiveBarchasi