Kurs UZS

USD

12 920.44

5.44

EUR

14 252.54

295.3

RUB

153.52

-0.03

Tojikistonda davlat to‘ntarishi uyushtirishda ayblanganlar aybini tan olmadi

Olam

image

Joriy yilning 22 yanvar kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahridagi tergov izolyatorida bo‘lib o‘tgan sud majlisida “davlat to‘ntarishi ishi”ga aloqador taniqli shaxslar hukm e’lon qilinishidan avval o‘z aybini tan olmasligini bildirdi. Bu haqda “Asia Plus” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ayblanuvchilarga hukm e’lon qilinishidan oldin so‘nggi so‘z berilgan. Ular o‘z nutqi davomida ayblariga iqror emasligi, ularga noto‘g‘ri ayblov qo‘yilganini aytishgan. 

“Ayblanuvchilar asosan davlatga xiyonat va hokimiyatni tortib olishda ayblanmoqda”, deyiladi xabarda. 

Qayd etilishicha, Tojikiston sobiq tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy nafaqaga chiqqanidan keyin o‘zini butunlay ilm-fanga bag‘ishlagani va siyosatdan uzoqlashganini aytgan. Tojikiston Respublikasi sotsial-demokratik partiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari, advokat Shokirjon Hakimov ham o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etib, u “haqiqiy vatanparvar, o‘z hayotini davlat va xalq muammolarini hal etishga bag‘ishlagan”ini ta’kidlagan. Yakuniy so‘zlarni aytganlarning barchasi suddan ularni ozod qilishni so‘ragan.

Ma’lum qilinishicha, ularning aksariyati Tojikiston Jinoyat kodeksining 305- (Davlatga xiyonat) va 306-(Hokimiyatni tortib olish) moddalari bo‘yicha ayblanmoqda. Ayblanuvchilarning bir qismi Tojikiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 247- (Firibgarlik) va 189- (Milliy, irqiy, mahalliy yoki diniy adovat qo‘zg‘atish) moddalari bilan ayblangan.

Xabarda keltirilishicha, jarayon yopiq eshiklar ortida o‘tmoqda va bu haqdagi ma’lumotlar maxfiylashtirilmoqda. Birinchi sud 14 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Qorasoy tumani sudi 2022 yil yanvar oyidagi ommaviy tartibsizliklar vaqtida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolarini qiynoqqa solgan olti politsiya xodimini uch yilga ozodlikdan mahrum qilish bo‘yicha hukm chiqargandi. Shuningdek, ular davlat xizmatida ishlash huquqidan va maxsus unvonlardan ham ayrilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing