Tojikiston vakili Rossiya deputatining tarix darsligi haqidagi gaplariga javob qaytardi

Olam

image
O‘zbekiston maktablarida Rossiya tarixi haqiqatga zid tarzda o‘qitiladimi? north_east

O‘zbekiston maktablarida Rossiya tarixi haqiqatga zid tarzda o‘qitiladimi?

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligining axborot departamenti rahbari Shoxin Samadiy Rossiya Davlat Dumasi deputati Mixail Matveyevning Tojikistondagi maktablarda bolalarga o‘qitilayotgan tarix darsliklari bo‘yicha bildirgan noroziligiga javob qaytardi. Bu haqda Samadiy o‘zining Facebook sahifasida post qoldirdi.

Joriy yilning 26 sentyabr kuni Davlat Dumasi Tojikistonda iqtidorli bolalar uchun xalqaro ta’lim markazi qurish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilishni taklif etuvchi hukumat qonuni loyihasini qabul qilish bo‘yicha ovoz berishdan oldin deputat Mixail Matveyev Tojikistondagi maktablarda tarix darsligiga “yozilgan” Rossiyaga qarshi targ‘ibotdan noroziligini bildirdi.

“Men rus-tojik maktablarida, xususan, Boxtar shahridagi Lomonosov nomidagi maktabda o‘qitiladigan tojik xalqi tarixi bo‘yicha ko‘rsatuvni ko‘rdim. U yerda Rus imperiyasiga qo‘shilish “bosqin”, “bosqinchilik” va “mustamlaka” deb ta’riflanadi. Rossiya pullarini Rossiyaga qarshi propaganda uchun ishlatish biroz g‘alati tuyuladi”, deydi u.

Shoxin Samadiy esa 7 oktyabr kuni olimlar, tarixchilar va Ta’lim vazirligi vakillari bunday mavzularni muhokama qilishlari kerakligini aytdi.

“O‘z navbatida, janob Matveyevga “Rossiya tarixi” darsligiga e’tibor berishni maslahat beraman (tahrir N. M. Arsentiyev, N. A. Danilov, A. A. Levandovskiy), birinchi qism, ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablarning 9-sinfi uchun. Va bu darslikning 154 va 155-betlariga e’tibor bersin”, degan u.

Samadiy o‘z postida XX asrning 90 yillarida Tojikistonda ruslarning “genotsid” qilingani haqidagi so‘zlarga ham javob berdi. Uning aytishicha, “bu xalqlar o‘rtasida adovat qo‘zg‘atishdan boshqa narsa emas, Rossiya va Tojikistonning tegishli organlari bunga huquqiy baho berishi kerak”.

Uning qayd etishicha, “tojikistonliklar va boshqa muhojirlarga nisbatan nafrat bilan tanilgan shaxsdan bunday gaplarni eshitish ajablanarli emas. Faqat bitta maqsad bor: ishonuvchan saylovchilarning his-tuyg‘ulari bilan o‘ynashish. Bunday bayonotlar Tojikiston va Rossiyaning ittifoqchilik va strategik sherikligiga zarar yetkazishdan boshqa hech narsa emas”.

Tojikiston va Rossiya har doim bir-birini asosiy strategik hamkor sifatida ko‘rishini ta’kidlaydi. Tojikiston bir qator mintaqaviy tashkilotlar doirasida Rossiyaning hamkorlari va ittifoqchilaridan biri hisoblanadi va aksariyat hollarda bu davlatning harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Rossiyadan tashqarida joylashgan eng yirik rus harbiy bazasi ham Tojikistonda.

Har yili Tojikistondan yuz minglab fuqarolar ishlash uchun Rossiyaga boradi. Biroq so‘nggi bir yil ichida Rossiyada Tojikiston fuqarolarining hibsga olinishi va asossiz tekshiruvlar soni keskin oshgan. Vaziyat, ayniqsa, joriy yilning mart oyida “Krokus Siti Xoll”da sodir etilgan teraktdan keyin keskinlashdi. Shundan so‘ng Rossiya hukumati Tojikistonning bir necha fuqarosini qo‘lga oldi va ularni teraktning asosiy aybdorlari deb atadi.

Teraktdan so‘ng darhol minglab tojikistonliklar Rossiya aeroportlarida yoki chegaralarida qolib ketdi, ularning ko‘pchiligi Rossiya hududiga kirishga ruxsat berilmagan va deportatsiya qilingan. Tojikiston Bosh vaziri Koxir Rasulzoda 4 oktyabr kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan ikki davlat hukumatlararo komissiyasining yig‘ilishida Tojikiston Rossiya xavfsizlik kuchlarining tojik muhojirlariga nisbatan noo‘rin munosabatidan xavotirda ekanini aytdi.

Uning so‘zlariga javoban Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Marat Xusnullin Rossiya Federatsiyasiga endi noqonuniy migratsiya bo‘lmasligini aytdi.

“Migratsiya bo‘ladi, lekin u tashkil qilinadi, mehnat zarur, lekin u butunlay qonuniy bo‘ladi”, deya ta’kidlagan Xusnullin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon mamlakatdagi va xorijdagi vatandoshlarini dunyoda og‘irlashib borayotgan vaziyat, yangi sovuq urush, tez qurollanish, shuningdek, terrorizm va ekstremizm tufayli ogoh bo‘lishga va o‘z vatanini himoya qilishga tayyor bo‘lishga chaqirdi. Rahmon respublikada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash nafaqat hukumatning ustuvor yo‘nalishi, balki o‘z mamlakati har bir vatanparvarining asosiy vazifasi ekanini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston Mixail Matveev Shoxin Samadiy tarix darsligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing