O‘zbekiston maktablarida Rossiya tarixi haqiqatga zid tarzda o‘qitiladimi?
Jamiyat
−
27 Sentabr
8567O‘zbekistonda maktablarda tarix fani darsligi yolg‘on ma’lumotlar bilan to‘ldirilgani, unda Rossiya mustamlakachi siyosat olib borgani bo‘htonlar borligi iddao qilinyapti. Bu haqda “Asia Today” yozmoqda.
Nashrning qayd etishicha, agar mutolaa qiluvchilar umumta’lim maktablarining 5-sinf darsligini ochib qarasa, undan ko‘plab yangi va hatto “hayratlanarli” narsalarni o‘rganishi mumkin. Darslikda Rus imperatori Pyotr I tabiiy resurslarga boy bo‘lgan bu hududni egallashni rejalashtirgan, Rossiya doimo zabt etish va qo‘lga kiritishdan boshqa hech narsa qilmagani yozilgan.
“O‘quv qo‘llanma Respublika ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan va 2020 yilda ikkinchi nashrida chop etilgan. Birinchisi 2015 yilda nashr etilgan va hozirda 5-sinf o‘quvchilarining kamida 8 avlodi buzib ko‘rsatilgan faktlar asosida o‘qitilmoqda”, deyiladi maqolada.
O‘zbekistonlik atoqli yozuvchi, jurnalist va jamoat arbobi Vladimir Fetisov kitobning bir-ikki bandiga izoh berdi.
“Gebbelsning bir gapi bor: “Yolg‘on qanchalik dahshatli bo‘lsa, unga ishonish osonroq bo‘ladi”. Ana shunday dahshatli yolg‘onning yorqin misoli o‘zbek maktab o‘quvchilari o‘rganayotgan O‘zbekiston tarixi darsligidir. Kitobga ko‘ra, Pyotr I O‘rta Osiyoning tabiiy boyliklarini ham tortib olishni rejalashtirgan. Savol tug‘iladi: biz qanday boylik haqida gapiryapmiz – uran, neft, foydali qazilmalar? O‘rta Osiyo xonliklari o‘sha davrda qanday boyliklarga ega edi? Buyuk Pyotr Hindistonga suv yo‘li topish va Xiva bilan savdo-sotiq bo‘yicha muzokaralar olib borish maqsadida Bekovich-Cherkasskiyning kichik otryadini yubordi. 200 kishilik otryad (faqat xavfsizlik uchun) Xiva va Buxoro hukmdorlari qo‘shinlari uchun xavf tug‘dira olmas edi. Qo‘shinga nima bo‘ldi? Turar joy qulayligi bahonasida Xiva xoni tomonidan otryad bo‘linib, yo‘q qilingan, Bekovichning boshi Buxoro amiriga sovg‘a sifatida yuborilgan, terisidan nog‘ora yasalgan. Kampaniyaning omon qolgan ishtirokchilari qullikka sotildi. Lekin darslik mualliflari, albatta, bu haqda yozmaganlar”, degan u.
“Turkiston tashkilotchilari”, “Birinchi zamon” kabi kitoblar va boshqa ilmiy-ommabop tarixiy asarlar muallifi Vladimir Fetisov darslikning atigi uch sahifasida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan faktlarning butun ro‘yxatini aniqlaganini iddao qilgan. Uning aytishicha, 1865 yilda butun O‘rta Osiyo zabt etilgani “qo‘pol xato”dir. 1873 yilda Xiva, 1885 yilda Turkmaniston, Buxoro va Xiva xonliklarning ichki ishlariga aralashmagan Rossiya protektorati ostida mustaqil davlatlar bo‘lib qolgan. Kichik diniy to‘qnashuv sifatida ko‘rsatilgan milliy ozodlik harakati haqidagi faktlar ham almashtirilgan. Sovet Ittifoqi fuqarolari va birinchi navbatda ruslar jabr ko‘rgan Stalin qatag‘onlari borasidagi fikrlar ham xato.
Vladimir Fetisov voqealar haqida o‘zigagina xos bo‘lgan batafsil tahlil, “asl haqiqat”larni taqdim etgan:
“Keyin, 1917 yildan keyin, darslik mualliflarining fikricha, mustaqillik uchun milliy ozodlik kurashi boshlanadi. Bu kurashning yetakchilaridan biri Qurboshi Madaminbek, Ibrohimbek va boshqalardir. Va yana, yolg‘on tushunchalar kiritilganini ko‘rish mumkin. Mualliflar negadir bosmachilar bilan yonma-yon, Konstantin Monstrov boshchiligidagi rus Farg‘ona qo‘shini Qizil Armiyaga qarshi jang qilganini yozmagan. Ular ham mustaqillik uchun kurashganmi? Yo‘q, bu sobiq imperiyaning butun hududida alangalangan fuqarolarning sinfiy urushi edi. Qizil Armiya saflarida o‘zbeklar, tojiklar, turkmanlar, qozoqlar, qirg‘izlar jang qilgan. Frunzening o‘rinbosari Karim Hakimov, keyinchalik SSSRning Saudiya Arabistonidagi birinchi elchisi edi. Ruslar ham bosmachilar tarafida edi”.
“Asia Today” nashrining keltirishicha, darsliklardagi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan hikoyalar bolalarni faqat Rossiyaga qarshi fikrlarga yetaklaydi va bolaligidan ularda millatlararo nizolarni shakllantiradi.
“O‘zbekiston davlat sifatida faqat Sovet Ittifoqi tufayli paydo bo‘lganini unutmasligimiz kerak. O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar har doimgidek iliq va do‘stona bo‘lib turgan bir paytda o‘zbek maktab o‘quvchilari bu yolg‘on darslikdan foydalanib tarix fanini o‘rganishayotgani juda g‘alati. Bu darslik Rossiyaga nisbatan nafratdan boshqa narsa keltira olmaydi”, degan Fetisov.
Vladimir Fetisovning iddao va alam bilan qo‘shimcha qilishicha, bugungi kunda Rossiyada 60 mingga yaqin o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda. O‘zbekistonda esa Rossiya oliy o‘quv yurtlarining 14 ta filiali faoliyat ko‘rsatmoqda. Oliy ta’lim sohasida Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida o‘zaro aloqalar ancha yo‘lga qo‘yilgan, ammo O‘zbekistonda maktab o‘quvchilarini, aqli nozik va mo‘rt bo‘lsada, rusofobga aylantirishga harakat qilinmoqda.
LiveBarchasi