Tojikiston va O‘zbekiston yuk tashish uchun ruxsatnomalarni bekor qildi
Olam
−
25 noyabr
6549Endilikda Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida yuk tashish uchun ruxsatnoma olish shart emas. Bu haqda Tojikiston Transport vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 21 noyabr kunidan e’tiboran qaror kuchga kirgan, unga ko‘ra yuk mashinalari endilikda ushbu hujjatni olmasdan bir-birining chegarasidan o‘tishi mumkin.
Vazirlikning tushuntirishicha, ikki tomonlama bitim Tojikiston parlamenti quyi palatasi tomonidan ratifikatsiya qilinganidan so‘ng O‘zbekiston tomoni Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi orqali ruxsatnomalarni bekor qilish bo‘yicha davlat ichki tartib-qoidalari bajarilganligi to‘g‘risida xabardor qilingan.
Vazirlikka ko‘ra, joriy yilning sentyabr oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston tomoniga davlat ichki tartib-qoidalarining bajarilishi yuzasidan tegishli bildirishnoma yuborish topshirig‘ini bergan.
Ruxsatnomalar bekor qilinganidan keyin boshqa kompaniyalarning bir-ikki haydovchisi allaqachon chegarani kesib o‘tgan. Ular mamlakatlar o‘rtasida sayohat bepul ekanligini, biroq O‘zbekiston orqali boshqa davlatlarga borish uchun hali ham “ruxsat” talab etilishini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, 2018 yil 9 martdagi “Xalqaro avtomobil tashuvlari to‘g‘risida”gi hukumatlararo bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi bayonnoma O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 18-19 aprel kunlari Tojikistonga davlat tashrifi doirasida imzolangan edi. Shu yilning sentyabr oyida u Tojikiston parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilingan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida yuk tashish uchun ruxsatnoma blanklari talab etilmasligi haqida xabar berilgandi. Tojikiston Transport vaziri Azim Ibrohim parlament yig‘ilishida nutq so‘zlab, tuzatishlar ikki davlat hududi orqali yuk tashuvchi avtomobillar uchun tranzitni soddalashtirishni nazarda tutishini ta’kidladi. Unga ko‘ra, bu o‘zgartirishlardan so‘ng yuk tashuvchi transport vositalari tranziti ruxsatnoma blankalarisiz amalga oshiriladi.
LiveBarchasi