Tojikiston va Qirg‘izistondan olib kirilgan narkotikni sotayotganlar ushlandi
3-sahifa
−
02 noyabr
3068Tojikiston va Qirg‘iziston Respublikalaridan olib kirilgan giyohvandlik moddalari oldi-sotdisiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari bojxona hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazgan.
Jumladan, tojikistonlik narkokurerlar tomonidan aylanma yo‘llar orqali olib kelinib, Quyi Chirchiq tumanidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan 1 kg 834 gr “gashish” moddasini qabul qilib olgan Toshkent shahrida yashovchi 1992 va 1998 yillarda tug‘ilgan 2 nafar fuqaro ushlangan.
Boshqa holatda esa “Surxondaryo-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan 1986 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi Nexia rusumli avtomashina O‘rta Chirchiq tumani hududida to‘xtatilganda 1991 yilda tug‘ilgan muqaddam sudlangan shaxs yo‘lovchi sifatida ketayotgani ma’lum bo‘lgan. Xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, avtomashinaning orqa eshiklari ichki qismiga 1 kg “gashish” moddasi yashirib qo‘yilganligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. Aniqlanishicha, ular Tojikistondan keltirilgan giyohvand moddani Surxondaryoda qabul qilib olgan va uni sotib mo‘may daromad topishni rejalashtirgan.
Navbatdagi holatda Denov hamda Sariosiyo tumanlarida yashovchi, 1994, 1995 va 1997 yillarda tug‘ilgan fuqarolar 985 gr “gashish” moddasini Nexia rusumli avtomashinada Toshkent shahriga olib ketayotgan vaqtida Zangiota tumanida to‘xtatib qolingan. Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu modda ham tojikistonlik narkokurerlar tomonidan aylanma yo‘llar orqali mamlakatga olib kelingani aniqlangan.
Ohangaron tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Yangiyo‘l tumani hamda Yangiyo‘l shahrida istiqomat qiluvchi 3 nafar fuqaro Qo‘qon shahriga borib, hozirda shaxsiga aniqlik kiritilayotgan narkosavdogardan 168 gr “gashish” hamda 722 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 43 mln so‘mga sotib olib, doimiy yashash manzillariga qaytib kelayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Aniqlanishicha, ushbu giyohvandlik vositalari mamlakatga Qirg‘iz Respublikasidan olib kelingan.
Yana bir holatda esa “Farg‘ona-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan Lacetti rusumli avtomashina Ohangaron shahri hududida to‘xtatilib, ko‘zdan unda avtomashinani boshqarib ketayotgan Transport nazorati inspeksiyasi inspektori hamda 1975 va 1990 yillarda tug‘ilgan muqaddam kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritgani uchun sudlangan 2 nafar yo‘lovchiga tegishli 826 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. Ma’lum bo‘lishicha, ular Qirg‘iz Respublikasidan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan ushbu dori vositalarini Qo‘qon shahrida yashovchi fuqarodan 22 mln 500 ming so‘mga sotib olishgan.
Hozirda barcha holatlar bo‘yicha qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Afg‘oniston, Tojikiston va Qirg‘izistondan keltirilgan jami 47,2 kilogramm narkotik moddalar musodara qilingani ma’lum bo‘lgandi.
LiveBarchasi