Tojikiston koronavirus sababli O‘zbekiston bilan chegara nazoratini kuchaytirmoqda
Olam
−
26 fevral 2020
12793Tojikiston koronavirus tufayli Afg‘oniston va O‘zbekiston bilan chegaralarda nazoratni kuchaytirmoqda. Bu haqda bugun, 26 fevral kuni Tojikiston hukumati matbuot xizmati xabar berdi.
Bundan buyon Afg‘onistondan kelganlarning barchasi aeroportda sanitariya nazoratidan o‘tkaziladi. Bugungi kunga qadar bunday choralar faqat Xitoydan kelganlar uchun amalga oshirilgan edi.
Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Mirhamuddin Kamolzoda 25 fevral kuni mahalliy radioga bergan intervyusida, ko‘plab fuqarolar Janubiy Koreadan O‘zbekistonga kelgani sababli, xuddi shunday jiddiy choralar rasmiy Toshkent bilan chegarada ham ko‘rilganini aytdi. Hozirda Janubiy Koreya koronavirusning ikkinchi o‘chog‘iga aylangan.
Tojikiston rasmiylari yaqin kelajakda chegara nazorati kuchaytirilganidan tashqari boshqa choralar ko‘rilishini bildirdi. Bitta variant - bu uch davlatdan kelganlarning hammasini karantin qilish, dedi Kamolzoda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, COVID-19 koronavirusi bilan kasallanganlar soni dunyo bo‘yicha 80 997 nafarga yetdi. Ularning 78 mingdan ziyodrog‘i Xitoyda aniqlangan.
Yangi koronavirusdan davolanganlar soni 30 115 nafarni tashkil qilyapti. 8839 nafar odamning ahvoli hamon og‘irligicha qolmoqda.
Koronavirus qurbonlari soni 2764 nafarga yetdi. Qurbonlar kechagiga nisbatan 53 kishiga ko‘paydi.
Ammo virus yangi-yangi chegaralarni zabt etishdan to‘xtamayapti. Xususan, Italiya Yevropada koronavirusning o‘chog‘iga aylandi. U yerda koronaviursga chalinganlar 323 nafarga, qurbonlar 11 nafarga yetdi. Italiyadan keyin virus bilan kasallanganlar Shveysariya, Avstriya, Xorvatiya, Jazoirda aniqlandi. Virus Lotin Amerikasiga kirib bordi. Mintaqadagi eng yirik davlat Braziliyada koronavirus bilan kasallanish qayd etildi.
Shuningdek, Janubiy Koreyada virus tarqalishi avj olyapti. Bu yerda 2019-nCoV`ga chalinganlar soni 1146 nafarga qurbonlar 12 nafarga yetdi.
Fransiya esa koronavirusni to‘liq bartaraf etganini e’lon qildi. Mamlakatda virusga chalingan 14 kishi davolanib, uyiga javob berildi.
Nurulloh Sharipov
LiveBarchasi