Tojikiston o‘z chegarasini qo‘riqlashda Rossiya yordamiga muhtoj emasligini ma’lum qildi

Olam

image
“Tolibon”ning qancha qo‘shini va qanday qurollari bor? north_east

“Tolibon”ning qancha qo‘shini va qanday qurollari bor?

Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegarasini qo‘riqlash uchun Rossiya harbiylarini jalb qilishga zarurat yo‘q. Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muxriddin chegara himoyasi bo‘yicha shunday fikr bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda hududda chegara bo‘yicha maslahatchilar guruhi ishlamoqda.

“Rossiyalik chegarachilarni tojik-afg‘on chegarasiga qaytarish masalasi ko‘rib chiqilmayapti. Tojikistonda bir guruh chegara maslahatchilari bor va ular odatdagidek ishlamoqda”, deydi Muxriddin.

U harbiy-texnik sohadagi hamkorlik Rossiya va Tojikiston o‘rtasidagi strategik o‘zaro munosabatlarning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanganini ta’kidlagan.

“Biz ikki tomonlama shaklda ham, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) orqali ham hamkorlik qilamiz — 2013 yildan beri bizga Afg‘oniston bilan chegarani mustahkamlashda yordam berilmoqda”, deya qo‘shimcha qildi TIV rahbari.

Eslatib o‘tamiz, toliblar Markaziy Osiyo davlatlari, shu jumladan Tojikiston chegarasiga daxl qilish niyati yo‘qligini bir necha bor ta’kidlagan. Biroq, shunga qaramay, Tojikiston chegara qo‘shinlari harbiy amaliyotlar o‘tkazmoqda. O‘z navbatida, mamlakat Prezidenti Imomali Rahmon ham chegara qo‘shinlarining harbiy tayyorgarligini ko‘zdan kechirgan.

Qayd etish kerakki, joriy yilning 5–10 avgust kunlari Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston Afg‘oniston bilan chegarada mashg‘ulotlar o‘tkazadi. O‘sha mashg‘ulotlarda harbiylar “Tolibon” tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari chegarasining ehtimoliy buzulishi holatlariga tayyorgarlik ko‘radi. 

Shu o‘rinda, Rossiyaning Tojikistonda 201-harbiy bazasi borligini unutmaslik kerak. Ushbu harbiy baza Rossiyaning mamlakat chegarasidan tashqarida joylashgan eng yirik tuzilmasidir. Bundan tashqari, rasmiy Moskva joriy yilning iyul oyi oxirigacha 201-harbiy baza 17 ta piyodalarning modernizatsiya qilingan BMP-2M jangovar mashinasini qabul qilib olishini ma’lum qilgan. O‘z navbatida, Rossiya Tashqi ishlari vaziri Sergey Lavrov ushbu bazaning imkoniyatlarini yuqori baholab, uni Markaziy Osiyo xavfsizligining kafolati ekanini qo‘shimcha qilgan.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

40

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing