“Tolibon”ning qancha qo‘shini va qanday qurollari bor?

Olam

image

Afg‘onistonning turli hududlariga hujumlarni kuchaytirgan "Tolibon" harakati bugungi kunda 75 ming jangariga ega. Bu haqda Rossiya Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov “Exo Moskvi”ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Afg‘onistonda ikkita kuch bor. Bular mamlakatning nisbatan ko‘proq qismini va yirik shaharlarini nazorat qiluvchi rasmiy hukumat kuchlari va “Tolibon”. Toliblar ayni vaqt mavsum avjiga chiqqanida 75 ming jangaridan iborat. Tinch paytda esa ularning soni 45 mingacha tushib ketadi. Chunki harakat tarkibidagi cho‘ponlar, dehqonlar mavsum tugaganida o‘z tomorqalariga qaytadi”, deydi Zamir Kabulov.

Prezident Putinning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakilining so‘zlariga ko‘ra, toliblar asosan Kalashnikov avtomati, granatomyot (harbiy texnikaga qarshi qo‘llaniladigan, granata otish quroli) va RPG-7 (raketa hujumiga qarshi himoya vositasi) bilan qurollangan.

Eslatib o‘tamiz, Kabulov agar jangarilar O‘zbekistonga hujum qilsa, mamlakat Qurolli kuchlari eplay olishiga ishonishini aytgan.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1125

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing