Tojikiston sharqida terrorga qarshi operatsiya boshlandi
Olam
−
18 may 2022
7871Tojikiston kuch tuzilmalari mamlakat sharqidagi Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatida terrorga qarshi operatsiya boshladi. Bu haqda mamlakat IIV matbuot markaziga tayanib xabar berilgan.
“Uyushgan jinoiy guruh a’zolari ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarish maqsadida Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati Rushon tumanidagi avtomobil yo‘lining bevosita davlat chegarasi chizig‘idagi “Dushanbe-Kulma” xalqaro avtomobil yo‘lini noqonuniy ravishda to‘sib qo‘ygan”, deyiladi bayonotda.
Qo‘shimcha qilinishicha, davlat huquq-tartibot idoralari xodimlari fuqarolar xavfsizligini, jamoat tartibini ta’minlash va transport vositalarining to‘siqsiz harakatini tiklash maqsadida antiterror operatsiyasini boshlagan.
Matbuot markazi xabarida jinoyatchilar xalqaro terrorchilik tashkilotlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan qurol va o‘q-dorilarni mamlakatdan tashqarida olgani, shuningdek, terrorchilik harakatlari va boshqa provokatsiyalar uyushtirish uchun xorijiy yollanma askarlarni jalb qilgani qayd etilgan.
Huquq-tartibot idorasiga ko‘ra, hujumchilarning harakatlari konstitutsiyaviy tuzum asoslariga ataylab qarshi qaratilgan. Jinoiy guruhlar huquq-tartibot idoralarining qurol-yarog‘ va o‘q-dorilarni topshirish haqidagi qonuniy talablarini bajarmagan va qurolli qarshilik ko‘rsatgan.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 14 may kuni Tog‘li Badaxshon viloyatida miting bo‘lib o‘tdi. Ta’kidlanishicha, ushbu miting “noqonuniy aksiya” bo‘lib, u “mamlakat xavfsizligiga” putur yetkazish maqsadida uyushtirilgan. Rasmiylar bu harakatlarni terrorizm deb baholagan.
LiveBarchasi