Tojikiston poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan Falastin davlati qurilishi tarafdori
Olam
−
12 noyabr 2023
5786Tojikiston poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan Falastin davlatini yaratish tarafdori, G‘azo sektoridagi tinch aholi nishonlariga qilingan hujumlarni qoralaydi va mojaro tomonlarini muzokara stoliga o‘tirishga chaqiradi. Bu haqda Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan Arab davlatlari ligasi va Islom hamkorlik tashkiloti qo‘shma sammitida so‘zlagan Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon ma’lum qildi.
“Tojikiston 1967 yildagi chegaralarda poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan Falastin davlati tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu Falastin xalqi xalqaro munosabatlarning umume’tirof etilgan tamoyillari asosida jahon hamjamiyatining mustaqil sub’ekti sifatida o‘zining asosiy milliy huquqini amalga oshirishning yagona yo‘lidir”, degan Rahmon.
U G‘azo sektoridagi vaziyat bo‘yicha sammit chaqirilishini qo‘llab-quvvatlashini bildirib, shuningdek, Tojikiston ushbu hududda minglab tinch aholi, jumladan, bolalar va ayollarning o‘limiga, ko‘p sonli odamlarning yaralanishi va hayotiy muhim infratuzilmaning vayron bo‘lishiga sabab bo‘lgan fuqarolik ob’ektlariga qilingan hujumni keskin qoralashini ta’kidladi.
"Bugungi vaziyat Falastin muammosi harbiy yechimga ega emasligini yana bir bor isbotlaydi. Mojaroning boshidanoq mamlakatimiz tomonlarni zo‘ravonlikni to‘xtatishga va vaziyatni barqarorlashtirish uchun muzokara stoliga o‘tirishga chaqirdi", deydi u.
Shuningdek, Prezident Imomali Rahmon BMT Bosh Assambleyasining 1947 yilda qabul qilingan “Falastin yerlarida ikkita mustaqil davlat tuzish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasini ham eslatgan.
“Bugungacha Falastin xalqining o‘z davlatini yaratish haqidagi orzu va intilishlari amalga oshmay qolmoqda. Mavjud vaziyatni inobatga olgan holda, mamlakatlarimiz va xalqaro hamjamiyat Bosh Assambleya va BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyutsiyalarini amalga oshirish uchun sa’y-harakatlarni amalga oshirishi zarur”, deydi u.
Tojikiston rahbari Islom hamkorlik tashkilotini G‘azo sektoridagi mojaroga barham berish uchun boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilishga chaqirgan.
“O‘zining zamonaviy tarixida buzg‘unchi fuqarolar urushini boshidan kechirgan Tojikiston tinchlikparvar qadamlar va barcha jahon muammolari va mojarolarini tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori”, deya xulosa qilgan Imomali Rahmon.
Ma’lumot uchun, Saudiya Arabistoni poytaxtida Falastinning iltimosiga binoan Arab Ligasi va Islom hamkorlik tashkilotining navbatdan tashqari qo‘shma sammiti chaqirildi. Uning maqsadi Yaqin Sharqdagi mojaro bo‘yicha arab va islom davlatlarining umumiy pozitsiyasini ishlab chiqishdan iborat.
LiveBarchasi