Tojikiston Qozog‘istonning ayblovlariga javob qaytardi
Olam
−
07 yanvar 2023
114992022 yilning yanvarida Qozog‘istonda sodir bo‘lgan tartibsizliklarga Tojikiston fuqarolarining aloqadorligi haqidagi faktlar tasdiqlanmadi. Bu haqda kecha, 6 yanvar kuni Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxin Samadi TASSga ma’lum qildi.
Qozog‘iston Bosh prokurori Berik Asilov joriy yilning 5 yanvar kuni parlament quyi palatasi deputatlari oldida so‘zlagan nutqida 2022 yil yanvaridagi tartibsizliklarda boshqa davlatlar fuqarolari ishtirok etganiga ishora qildi. Uning qayd etishicha, gumonlanuvchilar orasida O‘zbekiston, Rossiya, Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari ham bor.
“Tojikiston Respublikasi fuqarolari Qozog‘istonda 2022 yil yanvarida sodir bo‘lgan ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etmagan”, deydi TIV vakili.
Uning qayd etishicha, Tojikiston tomoni Qozog‘iston tomonidan o‘z fuqarolarining ushbu tadbirlarda ishtirok etishi faktlari haqida rasman ma’lumot olmagan.
“Bundan tashqari, Qozog‘iston prokuraturasiga tayanib, ommaviy axborot vositalarida ma’lumotlar tarqalgach, Tojikistonning Qozog‘istondagi diplomatik va konsullik vakolatxonalari qabul qiluvchi davlatning tegishli tuzilmalariga murojaat qildi va bu faktlar tasdiqlanmadi”, deya ta’kidladi suhbatdosh.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi ham Qozog‘istondagi “qonli yanvar” fojialarida Qirg‘iziston fuqarolari ishtirok etganini rad qilgandi. Hozircha Rossiya va O‘zbekiston bu ayblovga nisbatan javob qaytargani yo‘q.
2022 yil yanvar oyi boshida Qozog‘istonda ommaviy tartibsizliklar bo‘lib o‘tdi, ularning ishtirokchilari politsiya va harbiylarga hujum qildi. Respublika prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev davlat to‘ntarishiga urinish haqida axborot berdi va yordam so‘rab KXSHTga murojaat qildi. 7 yanvarga kelib vaziyat barqarorlashdi, 19 yanvardan butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat bekor qilindi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu hodisalar oqibatida 238 kishi halok bo‘lgan, 4,5 mingdan ortiq kishi jarohatlangan.
LiveBarchasi