Nazarboyev “qonli yanvar” voqealari ortida kim turganini aytdi
Olam
−
02 dekabr 2023
25282Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning fikricha, muxolifatning hokimiyatni zo‘ravonlik bilan tortib olishga chaqirishga haqqi yo‘q. Bu haqda u o‘zining “Mening hayotim” nomli xotiralar kitobida yozdi.
Nazarboyev o‘zining yangi kitobida 2021 yilda sodir bo‘lgan “yanvar voqealari” ishtirokchilarini “ekstremistik guruhlar” va “banditlar” deb atagan.
U 2022 yil boshidagi norozilik namoyishlarini mustaqillikning 30 yillik tarixidagi “eng og‘ir sinov” deb atadi. "Yanvar voqealari" ishtirokchilari esa ekstremistlar va terrorchilardir.
“Uyushgan ekstremistik guruhlar mamlakatda keng qamrovli tartibsizliklar keltirib chiqardi va terrorchilik hujumlarini amalga oshirdi. Oqibatda tinch aholi jabrlangan. Terrorchilar mamlakatimiz suvereniteti va davlatchiligiga, tinchligi va yaxlitligiga tahdid qilib, xalq orasiga sarosima soldi. Suyultirilgan gaz narxining keskin oshganidan jamoatchilik noroziligi ortida yashirinib, ular umumiy itoatsizlikka chaqirishdi.
Ekstremistlar tartibsizliklar, o‘t qo‘yish, buzg‘unchilik harakatlari uyushtirishdi, ayrim viloyat markazlaridagi ma’muriy binolarni, Olmaota aeroportini, qurol-yarog‘ do‘konlarini egallab olishdi, muhim infratuzilma ob’ektlariga hujum qilishdi, aholi va huquq-tartibot xodimlarini kaltaklashdi... Talonchilik holatlari ko‘p bo‘lgan. Politsiyachi xodimlari, harbiylar va tinch aholi halok bo‘ldi”, deb yozgan kitob muallifi.
“Yanvar voqealari” sabablari
Nursulton Nazarboyev muxolifatdagi qozoqlar safini qalinlashtirgan sabablarni sanab o‘tgan. Bular – xomashyo narxlarining o‘zgarishi, sanksiyalar urushi, koronavirus pandemiyasi, tengening uch barobar qadrsizlanishi, qozog‘istonliklar daromadlarining pasayishi, hukumatning yomon ishlashi. Lekin u hokimiyat uchun kurashni “yanvar voqealari”ning asosiy sababi sifatida ko‘rsatgan.
“Bu kurashni boshlash uchun sabab sifatida iqtisodiy qiyinchiliklardan foydalanildi. 2019 yilda men o‘z ixtiyorim bilan prezidentlik vakolatlarimdan voz kechib, Konstitutsiyaga muvofiq, uni Senat raisiga topshirganimda, ko‘pchilik buni dushmanlik bilan qabul qildi, buni aniq bilaman.
Mening voris tanlashimga qarshi bo‘lganlarning ba’zilari (albatta, yashirincha) prezidentlik lavozimini egallashni orzu qilgan. Avvaliga ular menga noroziligini bildira olmadi. Keyin saylovda xalqning xohish-irodasiga qarshi bora olmadilar.
Har doim prezidentlar almashinuvi paytida bo‘sh o‘rinni to‘ldirishga urinishlar paydo bo‘ladi. Albatta, odamlar mening qarib qolganimni va ketishni o‘ylayotganimni bilishardi. Ammo ular bu voqea qachon sodir bo‘lishini bilishmasdi”, deb yozadi Qozog‘istonning sobiq prezidenti.
Radikal muxolifat haqida
Nazarboyev “yanvar voqealari” aybdorlaridan biri sifatida Qozog‘iston Respublikasida ekstremistik deb tan olingan “Qozog‘istonning demokratik tanlovi” tashkiloti yetakchisi, sobiq bankir Muxtor Ablyazovni tilga oldi.
“Radikal muxolifatning asl qiyofasi nihoyat 2022 yil yanvar oyidagi fojiali voqealar paytida fosh bo‘ldi. Namoyishlar boshidanoq Ablyazov o‘z harakatlarini muvofiqlashtirishga chaqiruvchi shiorlar ko‘tardi. Facebook orqali namoyishchilarga yo‘llangan murojaatda Ukraina operatorlarining kodi ko‘rsatilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Ablyazovning oldindan tuzilgan qarorgohi Kiyevda joylashgan. U xunrezlikka aloqadorligi haqida ochiq gapiradi. U g‘urur va mamnuniyat bilan gapiradi. U odamlarning iztiroblarini siyosatdagi g‘alabasi, deb biladi. Bu qanday bema’nilik...” deydi Nursulton Nazarboyev.
Muallifning qo‘shimcha qilishicha, hech bir muxolifat hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olishga, hokimliklarga, militsiya bo‘limlariga, harbiy qismlarga, qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar omborlariga bostirib kirishga chaqirishga haqli emas.
“Buning nomi banditizm va terrorizmdir. Terrorizmni qo‘llab-quvvatlash jinoyat hisoblanadi. Davlatga qarshi o‘ta og‘ir jinoyat. Faqat Qozog‘istonning dushmanlarigina o‘z ona yurtiga – Vataniga xiyonat qilishi va xalqni shu yo‘l bilan gijgijlashi mumkin. Har doim xoinlar bo‘lgan. Ayniqsa, sizga xiyonat va qasamlar orqali murojaat qiladiganlar xavflidir”, deydi u.