“Qonli yanvar” bo‘yicha necha kishi sudlangani ochiqlandi
Olam
−
13 yanvar
5335Qozog‘istonda 2022 yil yanvarida 238 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan ommaviy tartibsizliklar bilan bog‘liq jinoiy ishlar bo‘yicha shu kungacha 1396 kishi sudlangan. Bu haqda mamlakat Bosh prokuraturasi xabar berdi.
“Bugungi kunda 1396 kishi, jumladan, ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etganlik va uyushtirganlik uchun 574 kishi (12 kishi ommaviy tartibsizliklar uyushtirganlik uchun) sudlangan”, deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, yanvar voqealari bo‘yicha tergov davom etmoqda.
Aytilishicha, yanvar voqealari davomida 2960 ta qurol o‘g‘irlangan, ulardan 1 mingdan ortig‘i topilgan, qolgan qurollarni qidirish davom etmoqda.
2023 yil aprelida Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining (MXQ) sobiq raisi Karim Masimov davlatga xiyonatda ayblanib, 18 yilga qamalgan edi. U davlatga xiyonat qilish, hokimiyatni zo‘ravonlik bilan tortib olish va hokimiyatni suiiste’mol qilishda aybdor deb topildi. MXQ raisining sobiq o‘rinbosari – “A” maxsus maqsadli xizmat boshlig‘i Anuar Sodiqulov Masimov bilan bir xil ayblovlar bo‘yicha aybdor deb topildi. U 16 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining sobiq o‘rinbosari Daulet Ergojin hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olish va mansab vakolatini suiiste’mol qilishda aybdor deb topilib, 15 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbarining sobiq o‘rinbosari Marat Osipov mansab vakolatini suiiste’mol qilishda aybdor deb topilib, sud uni davlat xizmatida lavozim egallash huquqidan va uch yilga ozodlikdan mahrum qildi.
2022 yil yanvar oyi boshida Qozog‘istonda ommaviy tartibsizliklar bo‘lib, uning ishtirokchilari politsiya va harbiy xizmatchilarga hujum qilgan edi. Namoyishlarning boshlanishiga respublika elektron savdo maydonchalari va birjalar orqali yoqilg‘i narxini to‘liq bozor tamoyillari asosida shakllantirishga o‘tgandan so‘ng, suyultirilgan gaz narxining keskin oshishi sabab bo‘ldi. Respublika Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bu davlat to‘ntarishiga urinish ekanini aytdi va yordam so‘rab Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga murojaat qildi. 7 yanvarga kelib vaziyat barqarorlashdi, 19 yanvardan butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat bekor qilindi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tartibsizliklar paytida 238 kishi halok bo‘lgan, 4,5 mingdan ortiq kishi jarohatlangan.
LiveBarchasi