Qozog‘istonlik muxolifatchi 6 yillik shartli qamoq jazosiga hukm qilindi

Olam

image

Olmaota shahrining Bostandiq tumani 2-sudi ro‘yxatdan o‘tmagan Qozog‘iston demokratik partiyasi yetakchisi Janbolat Mamayni olti yillik shartli qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda “Vlast” xabar berdi.

Muxolifatchi siyosatchi respublika Jinoyat kodeksining 378-moddasi 2-qismi (“Hokimiyat vakilini haqorat qilish”); 274-moddasi 2-qismining 3-bandi (“Qasddan yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish”); 272-moddasi 1-qismi (“Ommaviy tartibsizliklar tashkil etish”) bo‘yicha aybdor deb topilgan

Shartli qamoq jazosidan tashqari, Mamayning olti yilga siyosiy va jurnalistik faoliyat yuritishi, jumladan, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi man etilgan. Shuningdek, Demokratik partiya yetakchisidan 800 400 tenge (taxminan 1800 dollar) miqdoridagi sud xarajatlari undirilgan.

Sud qarori hozircha qonuniy kuchga kirmagan. Mamay sud ishini siyosiy motivli, deb hisoblaydi. Shuning uchun ham u hech bir ayblov bo‘yicha o‘z aybini tan olmagan. Hozirda Mamay hukm ustidan shikoyat qilish niyatida.

Ma’lumot uchun, Janbolat Mamay 2022 yil 25 fevralda qonli yanvar qurbonlari xotirasiga ruxsat etilmagan mitingda qatnashgani uchun 15 sutkaga hibsga olingan. U 13 mart kuni tergov izolyatorini tark etishi kerak edi, ammo bu sodir bo‘lmagan. Tergov sudi uni Jinoyat kodeksining ikki moddasi: qasddan yolg‘on ma’lumot tarqatish va hukumat amaldorlarini haqorat qilish bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida yana ikki oyga hibsga olgan. O‘sha yilning iyun oyida esa hibsda saqlanayotgan Demokratik partiya rahbari boshqa ish bo‘yicha ayblanuvchiga aylangani, u yanvar oyidagi namoyishlar chog‘ida ommaviy tartibsizliklar uyushtirganlikda va bila turib yolg‘on ma’lumot tarqatganlikda ayblangani xabar qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston muxolifat qonli yanvar' Janbolat Mamay

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing