Tojikiston dunyoning eng xavfsiz davlati deb topildi

Olam

image

Amerikaning Gallup jamoatchilik fikri instituti Tojikistonni dunyoning eng xavfsiz davlati deb topdi. Bu haqda institut saytida ma’lum qilindi.

2022 yilda 141 mamlakatda o‘tkazilgan tadqiqotda jinoyatchilik darajasi va mahalliy huquq-tartibot idoralariga ishonchni aniqlash maqsadida 146 mingdan ortiq kishi (har bir mamlakatda bir ming kishi) orasida so‘rovnoma o‘tkazilgan.

Reytingda 96 ball bilan Tojikiston Finlyandiya va Islandiya kabi davlatlarni ham ortda qoldirgan.

Qayd etilishicha, so‘rovda qatnashgan tojikistonliklarning aksariyati mahalliy politsiyaga ishonch bildirgan va tungi sayrlarda o‘zlarini hech qanday xavf-xatar sezmaganliklarini aytgan.

Bu natijalar juda kutilmagan bo‘ldi, chunki Tojikiston birinchi marta reytingda yetakchi o‘rinni egallab, avvalgi reytingda yetakchilik qilgan Singapurni siqib chiqardi.

Ayni paytda, so‘rovda qatnashgan fuqarolar qanday qilib tanlab olingani va ularga qanday savollar berilgani ma’lum emas.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida O‘zbekiston ham aholi huquq-tartibot idoralariga ishonadigan davlatlar ro‘yxatiga kirgan. U Tojikistondan 6 ball kam – 90 ball olgan.

Reytingning so‘nggi o‘rnida 49 ochko to‘plagan Liberiya joylashgan. 

Dunyo miqyosida respondentlarning 71 foizi 2022 yilda o‘z hududlarida tunda o‘zini xavfsiz his qilishini, 72 foizi esa mahalliy politsiyaga ishonishini bildirgan. Shu bilan birga, o‘tgan yili har sakkiz kishidan biri mulkni o‘g‘irlash, har o‘n olti nafardan biri esa tajovuz yoki talon-tarojga uchragani qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing