Tojikiston chegaradagi xavfsizlik choralarini kuchaytirdi
Olam
−
18 may
14709Tojikistonda fuqarolarning chegara zonasida bo‘lishi, kirishi va chiqishi qat’iy nazoratga olinadi. Bu haqda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara qo‘shinlari matbuot markazi xabar berdi.
“Mintaqadagi va jahondagi vaziyatni murakkablashtirish tendensiyasi, terroristik va ekstremistik tashkilotlarning davlat chegaralarini noqonuniy kesib o‘tishga, sayyoramizning turli burchaklarida, jumladan, Tojikiston Respublikasida ham g‘ayriinsoniy terroristik harakatlarni amalga oshirishga urinishlari mamlakat hududi xavfsizligi va mudofaasini, barqarorlik va osoyishtalikni, shuningdek, aholining tinch hayotini ta’minlashni mustahkamlashni talab qiladi”, deyiladi xabarda.
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning chegara zonasiga Tashqi ishlar vazirligi va ichki ishlar organlari ruxsatisiz kirishi qat’iyan man etiladi. Chegara chizig‘iga boshqa shaxslarni kiritishga rozilik esa faqat sayohat uchun berilgan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar bilan beriladi.
Chegara postlari fuqarolarning chegara hududlariga kirishi va chiqishi ustidan tegishli nazoratni amalga oshiradi. Shu munosabat bilan Tojikiston hududida bo‘lgan yoki kirib kelayotgan barcha mamlakat fuqarolari hamda mehmonlariga Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati va Xatlon viloyatining chegaradosh hududlariga sayohat qilishda pasport va boshqa shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni olib kelishlari tavsiya etiladi.
"Ushbu hududlarga sanab o‘tilgan talablarga rioya qilmasdan kirishga yo‘l qo‘yilmaydi", deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 16 may kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizlik kengashlari kotiblarini qabul qilgan va mintaqa davlatlarini bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish va bo‘lib tashlashga intilayotgan tashqi kuchlarga birgalikda qarshilik ko‘rsatishga chaqirgandi.
LiveBarchasi