Tojik-qirg‘iz mojarosi: ot o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan qirg‘iz chegarachilari o‘qqa tutildi

Olam

image

Bugun, 8 iyul kuni to‘rt qirg‘iz chegarachisi Tojikiston davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tdi. Otishma oqibatida ulardan ikkitasi jarohat oldi. Bu haqda Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa Sug‘d viloyati Devashtich tumanining Rosrovut hududida sodir bo‘lgan.

“Qirg‘iziston harbiylari fuqarolik va harbiy forma kiygan hamda o‘qotar qurol bilan qurollangan edi. Ular Devashtich mintaqasidan Qirg‘iziston hududiga 9 ta otni olib o‘tmoqchi bo‘ldi”, deyiladi Tojikiston MXDQ bayonotida.

Xabarga ko‘ra, Qirg‘iziston chegarachilari to‘xtash to‘g‘risidagi buyruqqa munosabat bildirmay, tojik chegarachilariga qarata o‘q uzgan. Sodir bo‘lgan otishmada ikki qirg‘iz chegarachisi yaralangan.

Tojikiston tomonidan jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q.

Qayd etilishicha, ikki mamlakatning tegishli idoralari to‘qnashuv sodir bo‘lgan joyda va nima bo‘lganini tekshirmoqda.

Qariyb ming kilometr umumiy chegaraga ega bo‘lgan qo‘shnilar mojarosi

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 28 aprel kuni Qirg‘izistonning Botken viloyati Ko‘k-Tosh qishlog‘i yaqinidagi “Golovnoy” suv olish joyidagi davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismida ikki mamlakat mahalliy aholisi o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi. 29 aprelda Qirg‘iziston va Tojikiston xavfsizlik kuchlari o‘rtasida qurolli to‘qnashuvga aylandi. Qirg‘izistonning Botken viloyati Botken va Laylak tumanlarida otishmalar 30 aprel va 1 may kunlari davom etdi. 

1 may kuni tomonlar otishmani to‘liq to‘xtatish va chegaradan kuchlarni olib chiqib ketish to‘g‘risida kelishib olishga muvaffaq bo‘ldi. Xuddi shu kuni tojikistonlik harbiylar Qirg‘iziston hududidan chiqib ketdi.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston chegara Qirg'iziston otishma tojik-qirg'iz

Baholaganlar

166

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing