Tojga xiyonat: Shahzoda Garri va Megan Markl mojaroli intervyu berdi

Olam 6976
image
-

Avvalroq, Britaniya shahzodasi Garri va uning rafiqasi Megan Markl mashhur amerikalik teleboshlovchi Opra Uinfri bilan suhbatlashgani haqida xabar bergandik.

Intervyuni Toshkent vaqti bilan 8 martga o‘tar kechasi Amerikaning CBS 
telekanali, 9 martga o‘tar kechasi Britaniyaning ITV telekanali namoyish etgan. 

Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu kanallar intervyu translyatsiyasi huquqi uchun jami kamida 8,4 million dollar to‘lagan. Ushbu translyatsiya AQSHda 17 million kishining, Buyuk Britaniyada 12 million kishining e’tiborini tortgan. Suhbat shov-shuvga aylangan va hozirda butun dunyoda muhokama qilinmoqda. 

Juftlik Opra Uinfriga to‘ylarining rasmiy marosimidan uch kun oldin yashirincha turmush qurishgani, qirollik oilasining ba’zi a’zolari ularning o‘g‘li Archining qoramag‘iz bo‘lib tug‘ilishidan xavotirda bo‘lgani,  bolaga shahzoda unvoni berilmagani, britaniya tabloidlari Meganni ta’qib qilgani, Meganning o‘z joniga qasd qilishni o‘ylagani haqida gapirib bergan. 

Shuningdek, suhbat davomida ularning qirollik vazifalaridan voz kechishlari Garrini otasi shahzoda Charlz bilan ziddiyatga keltirgani va akasi shahzoda Uilyamdan ajratib qo‘ygani ham ma’lum bo‘lgan. 

Shahzodaga ko‘ra, qirollik oilasi Garri va Meganni moliyalashtirishni to‘xtatgan, shuning uchun ular Netflix va Spotify korporatsiyalari bilan shartnoma tuzgan. 

Suhbat davomida ularning kutayotgan farzandlari jinsiga ham aniqlik kiritilgan. Hozirda bir nafar o‘g‘il farzandi bo‘lgan juftlik shu yil yozda qizli bo‘ladi. 

Shuningdek, Megan Markl jurnalistga erining akasi shahzoda Uilyam va uning rafiqasi Keyt Middlton bilan janjallari haqida tarqatilgan mish-mishlar yolg‘on ekanini aytgan. 

Sasseks gersoginyasi ovsinidan hech qachon jahli chiqmaganini ta’kidlagan. 

Shuningdek, Megan Qirolicha Yelizaveta II va erining boshqa oila a’zolari unga juda yaxshi munosabatda bo‘lganini, ammo unga saroydan chiqishga ruxsat berilmagani hamda "pasporti va mashinasining kalitlari olib qo‘yilgani" sababli u o‘zini juda yolg‘iz his qilgani haqida gapirgan. 

Megan Marklning o‘gay singlisi Samanta Markl doimo OAVga Sasseks gersoginyasi haqida yoqimsiz izohlar berib keladi va u haqida butun haqiqatni ochib beradigan kitob yozishga ham va’da bergan. 

Megan Marklning ta’kidlashicha, ular 18 yildan beri bir-birlarini ko‘rmagan va yillar davomida aloqa qilmagan. 

Bundan tashqari, Samanta opasining shahzoda Garri bilan munosabatlari haqida ma’lum bo‘lgandan so‘ng Markl familiyasini olgan. 

Megan Marklning so‘zlariga ko‘ra, u Samantaning so‘zlaridan xafa emas, ammo otasining matbuotga aytadigan yoqimsiz izohlari uning dilini og‘ritadi. 

YouGov tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, Buyuk Britaniyaning deyarli yarim aholisi (47 foiz) amerikalik teleboshlovchi Opra Uinfri bilan ochiq suhbatda shahzoda Garri va uning rafiqasi Megan Marklning so‘zlarini noo‘rin deb atagan. Britaniya OAV bir ovozdan bu juftlikka qarshi chiqqan. 

"Daily Mail" ushbu intervyuni "qirollik oilasining yuragiga ayovsiz zarba", deb atagan.

Qirollik oilasi haqidagi kitoblar muallifi Penni Junor Megan Markl va shahzoda Garrining intervyusini tojga xiyonat sifatida ko‘rgan. 

Yelizaveta II ushbu intervyudan so‘ng OAVda chop etilishi kerak bo‘lgan, oldindan tayyorlangan matnga imzo chekishdan bosh tortgan. 

Matnda qirollik oilasi Megan Markl va shahzoda Garrini yaxshi ko‘rgani va ular uchun tashvishlanishi haqida yozilgan. 

Xabarlarga ko‘ra, intervyu chiqqanidan keyin saroyda tunu-kun inqirozli muzokaralar olib borilmoqda. 

Insayderlarning ta’kidlashicha, qirollik oilasi Eduard VIII ajrashgan amerikalik ayolga uylanish uchun taxtdan voz kechganidan beri 85 yil ichidagi eng dahshatli inqirozga yuz tutmoqda. 

Ularning ta’kidlashicha, saroydagilarning barchasi "mutlaqo xafa" va Megan Markl va shahzoda Garrining qaytib kelishi haqida endi gap ham bo‘lishi mumkin emas.

Rushana Sultonova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 257
Reyting: 2.8
Teglar
t
×