Toshmatov uchun MOQda alohida shtat ochildi. Unga vitse-prezident vazifasini bajarish yuklandi

Sport

image

Biroz avval, Taekvando WTF Assotsiatsiyasi raisi lavozimida ishlab kelayotgan Sherzod Toshmatov O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti lavozimiga tayinlanishi kutilayotgani haqida xabar bergan edik. Bugun, 16 noyabr kuni MOQning navbatdan tashqari XXXVII Bosh Assambleyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Toshmatov rasman MOQ vitse-prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi sifatida tanishtirilgan. 

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimi Shavkat Sultonov, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Rashid Tolipov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov, respublika sport federatsiya va assotsiatsiyalari rahbariyati, Qo‘mita delegatlari, sohaga oid tashkilotlar hamda ommaviy-axborot vositalari vakillari ishtirok etgan. Yig‘ilishni Qo‘mita Bosh kotibi Oybek Qosimov olib borgan.

Assambleya kun tartibidan o‘zbekistonlik sportchilarni Tokio-2020 va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishi va ishtirok etishi jarayonlari, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga yangi rais o‘rinbosari vazifasini bajaruvchisini saylash, Qo‘mita ustaviga o‘zgartirish kiritish va yangi tahririni tasdiqlash, boshqa sport turlarini tan olish bo‘yicha federatsiya va assotsiatsiyalar murojaatlarini ko‘rib chiqish kabi masalalar o‘rin olgan.

MOQ rahbari sport faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish maqsadida joriy etilgan yangi rais o‘rinbosari vazifasiga nomzod bo‘yicha ham taklifini ilgari surdi. U pandemiya sharoitida tezkor shtab tashkil etilgani, sport federatsiyalari va assotsiatsiyalari ishini muvofiqlashtirishga ehtiyoj tug‘ilayotganiga alohida e’tibor qaratgan. 

MOQ Matbuot xizmatiga ko‘ra, delegatlar rais o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi lavozimiga ko‘rsatilgan nomzod – O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Tashmatovni bir ovozdan ma’qullashgan.

U 2009-2010 yillarda O‘zbekiston havaskor va professional muaytay assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari, 2010-2014 yillarda ushbu assotsiatsiya raisi, 2013-2014 yillarda Sharq yakkakurashlari va jang san’atlarini rivojlantirish markazi raisi o‘rinbosari, 2014-2019 yillarda O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, 2016-2019 yillarda AIBA ijroiya qo‘mitasi a’zosi, Osiyo boks konfederatsiyasi vitse-prezidenti lavozimlarida ishlagan. 2019 yildan hozirgi vaqtga qadar O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi lavozimida ishlab kelayotgan edi. 

MOQ saytida ta’kidlanicha, pandemiya sharoitida Sherzod Toshmatov MOQning tezkor shtabi rahbari sifatida ham o‘z tirishqoqligi va bilimini ko‘rsata olgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Sherzod Toshmatov

Baholaganlar

63

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing