Toshkentga yana 1200 ta avtobus olib kelinadi
Jamiyat
−
09 iyul 3834 3 daqiqa
Joriy yilning sentyabrigacha poytaxtga 200 ta, keyingi yili yana 1 mingta avtobus olib kelinadi. Bu haqda bugun, 9 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, mamlakatda jamoat transporti tizimi aholini rozi qiladigan darajada yo‘lga qo‘yilmagani ko‘rsatib o‘tilgan. Shaharlararo avtobuslar grafik bo‘yicha emas, balki yo‘lovchilari 40-50 kishi bo‘lib to‘lganda yurishga o‘rgangan. Chunki tadbirkorlarga shaharlararo jamoat transportida zararni kompensatsiya qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yilmagan. Subsidiya faqat shahar atrofidagi avtobuslar uchun bor.
Prezident endilikda o‘rta va uzoq masofaga qatnaydigan jamoat transportini rivojlantirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishini aytdi. Buning uchun Toshkent shahri va viloyatlararo qatnov bo‘yicha alohida yondashuv bo‘ladi.
Poytaxtga kuniga 1 million odam tashrif buyursa, shundan 275 ming nafari Toshkent viloyatidan keladi. Shu bois poytaxt jamoat transporti yagona aglomeratsiya tizimiga o‘tib, Toshkent viloyatining barcha tutash hududlarini qamrab oladi.
Buning uchun, Toshkent xalqa yo‘ligacha kelayotgan 20 ta avtobus yo‘nalishi 15-20 kilometrga uzaytiriladi, yana yangi 6 ta marshrut qo‘shiladi. Bu Toshkent viloyati aholisi uchun katta qulaylik bo‘ladi.
“Marshrutlar uzaysa, kutish vaqti ko‘payadi”, deb aholi xavotirga tushmasin. Sentyabrgacha poytaxtga 200 ta, keyingi yili yana 1 mingta avtobus olib kelamiz”, deydi davlat rahbari.
Yangi tizimni poytaxt va Toshkent viloyati uchun 1 sentyabrdan, yirik shaharlarda esa kelasi yili 1 yanvardan joriy qilish topshirildi.
Shuningdek, shaharlar va viloyatlararo jamoat transporti qatnovlarini jonlantirish zarurligi ta’kidlandi. Bu yo‘nalishdagi avtobus va mikroavtobuslar uchun yo‘lovchi boshiga subsidiya beriladi. Avtobuslar uchun utilizatsiya yig‘imidan imtiyoz yana uch yilga uzaytiriladi va mikroavtobuslarga ham joriy qilinadi.
Turistik avtobus va mikroavtobuslar uchun bojxona bojidan imtiyoz uch yil davomida jamoat transporti uchun ham qo‘llanadi. Bunda, tadbirkorlarga 2 ta shart qo‘yiladi – harakat grafigiga qat’iy amal qilish hamda elektron to‘lov tizimiga o‘tib, tushumlarni shaffof ko‘rsatib borish.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev mazkur videoselektor yig‘ilishida o‘tgan 2024 yil davomida O‘zbekistonda yo‘l-transport hodisasi tufayli 2 ming 203 nafar odam halok bo‘lganini, har to‘rtinchi avariyada 1 kishi yoki kuniga o‘rtacha 6 kishi vafot etayotganini aytib, tashvish bildirgan edi. Shuningdek, Prezident yo‘l infratuzilmasini yaxshilash orqali avariyalarni kamaytirish bo‘yicha “Xavfsiz yo‘l” milliy dasturi boshlanishini e’lon qilgandi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda endilikda “Surunkali qoidabuzarlar” dasturi ishga tushirilishi ma’lum qilindi. Bunda qarama-qarshi harakatlanish, chiroqning qizil rangida o‘tish bir oy ichida 2 marta sodir etilsa yoki tezlik 5 marta oshirilsa – 1 yilgacha jarimadan chegirma berilmaydi. Bunday huquqbuzarliklar bir oy ichida 10 tadan ko‘p bo‘lsa – 6 oygacha haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinadi.
Live
Barchasi