Toshkentdan Jiddaga uchayotgan samolyot favqulodda Bahraynga qo‘ndi
Jamiyat
−
21 fevral
5990Air Samarkand'ning UZS4003 Toshkent – Jidda reysi bortida yuzaga kelgan favqulodda tibbiy holat sababli Bahrayn aeroportiga majburiy qo‘nishni amalga oshirdi. Bu haqda aviakompaniya xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, parvoz davomida 75 yoshli yo‘lovchida takroriy infarkt sodir bo‘lgan. Samolyot bortida bo‘lgan shifokor bemorning hayoti xavf ostida ekanini tasdiqlagan.
Havo kemasi komandiri Roman Igorevich Talanov boshchiligidagi ekipaj tezkor qaror qabul qilib, bemorga zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Bahraynga favqulodda qo‘nishga qaror qilgan.
Bosh bortkuzatuvchi Alena Shishkina boshchiligidagi bort kuzatuvchilari shifokor bilan birgalikda bortdagi tibbiy qutilar va uskunalar yordamida bemorga birinchi yordam ko‘rsatgan. Aeroportda bemor barqaror holatda tez yordam brigadasiga topshirilgan.
Ma’lumot o‘rnida, reys taxminan 1 soat kechikish bilan Jiddaga davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Uzbekistan Airways’ning Nyu-Yorkdan Toshkentga uchayotgan reysi bortdagi mast yo‘lovchi sababli Rossiyaning Qozon shahri aeroportida favqulodda qo‘ngandi.