Toshkentdagi tirband chorrahalarda yo‘l o‘tkazgichlar quriladi
Jamiyat
−
31 avgust
4636Toshkent halqa avtomobil yo‘lining tirband chorrahalarida yo‘l o‘tkazgichlar quriladi. Bu haqda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Hurmatli prezidentimiz ushbu inshootlari bilan tanishuvlari davomida bizga qisqa vaqtda THAYni va shahardagi eng katta tirband chorrahalarni to‘liq o‘rganib chiqib, o‘sha chorrahalarda mana shu kabi metall konstruksiyali yo‘l o‘tkazgichlarni qurish bo‘yicha topshiriq berdi. Albatta, biz — mutaxassislar Toshkent shahri hokimligi bilan birgalikda chorrahalarni qisqa muddatda xatlovdan o‘tkazib, tajribamizni yanada oshirgan va yangi loyihalarni qo‘llagan holda hamshaharlarimizga yangi-yangi inshootlarni qurib, foydalanishga topshiramiz”, deydi Jamshid Tursunov.
Rekonstruksiya jarayonida yo‘l o‘tkazgich ostidagi Temur Malik ko‘chasi to‘rttadan olti tasmaliga kengaytirildi. Buyuk ipak yo‘li ko‘chasidan chiqish yo‘llari qo‘shildi va yo‘l o‘tkazgichning o‘zida ham, chiqish chorrahalarida ham burilishlar tashkil etildi.
Mamlakatda birinchi marta yig‘ma temir konstruksiyali yo‘l o‘tkazgich qurilgan. Jamshid Tursunovning so‘zlariga ko‘ra, bunday yo‘l o‘tkazgichning an’anaviy beton va monolitga nisbatan afzalligi shundaki, u 2,5−3 baravar yengil, 30 foizga arzon, foydalanish xarajatlari 4−5 baravar kam hamda xizmat muddati 100−120 yilni tashkil etadi.
“Ilgari 25 mingta avtotransport vositasi bir kunda harakat qilardi, yangi inshootni qurganimizdan so‘ng hozirgi kunda 50 mingdan ortiq transport vositasi to‘siqsiz harakatlana olish imkoni paydo bo‘ldi”, deydi qo‘mita rahbari.
LiveBarchasi