Toshkentdagi plastik jarrohlik klinikasidan uch kishining jasadi chiqdi

Jamiyat

image

Avvalroq, Toshkentning “Mont Blanc” xususiy klinikasida plastik jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan ikki ayol – 1999 yilda tug‘ilgan G.Sharifova va Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi 43 1976 yilda tug‘ilgan L.Apostolova vafot etgani haqida xabar bergan edik. Mazkur ikki holat ortidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan edi. 

Moskva shahridagi L.A.Voroxobov nomli 67-son shahar klinik kasalxonasining reanimatsiya bo‘limida avgustdan buyon komada yotgan va kuni kecha vafot etgan O‘lmasxon Baxronov vafotiga ham aynan “Mont Blanc” xususiy klinikasida o‘tkazilgan jarrohlik amaliyoti sabab bo‘lgan. 

Birinchi holat: 01.08.2019 yilda Toshkent shahar, Shayxontohur tumanida joylashgan “Mont Blanc” xususiy shifoxonasida fuqaro O‘.Baxranovga burun qiyshiqlarini to‘g‘irlash yuzasidan jarrohlik amaliyoti o‘tkazilganidan so‘ng, bemorning sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli, 20.08.2019 yilda Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida joylashgan shifoxonaga yotqizilgan.

Biroq, unga ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan O‘.Baxranov vafot etgan.

Ikkinchi holat: 15.08.2019 yilda Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi L.Apostolovaga  “Mont Blanc” xususiy klinikasida tashqi burun deformatsiyasi va burun to‘sig‘i qiyshayishi to‘g‘irlash bo‘yicha jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan hamda burun to‘sig‘i qiyshayishi to‘g‘irlangan. 

Jarrohlik amaliyotidan so‘ng, bemor mustaqil nafas olishga o‘tkazilgan va unga antibakterial da’vo maqsadida «seftrakson» dori vositasi ichki qon tomiri orqali 1,0 ml. miqdorida yuborilgan.

Shundan so‘ng, bemorning ahvoli keskin og‘irlashgan va chuqurlashtirilgan tekshirishlar o‘tkazish maqsadida RSHTYOIMga olib borilgan. 

19.08.2019 yilda markaz shifokorlari tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, L.Apostolova shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Uchinchi holat: 24.08.2019 yilda  “Mont Blanc” xususiy klinikasida fuqaro G.Sharifovaga burun sohasida jarrohlik amaliyoti o‘tkazish vaqtida unga yuborilgan narkoz noto‘g‘ri ta’sir qilishi natijasida ahvoli og‘irlashgan.

Natijada shu kunning o‘zida bemorning uning yaqin qarindoshlari tomonidan  “Akfa medline” xususiy shifoxonasiga (klinik o‘lim holatida) olib kelingan.

26.08.2019 yilda shifokorlar tomonidan tibbiy muolajalar ko‘rsatilganligiga qaramasdan, G.Sharifova shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Mazkur holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar Bosh prokuraturada o‘rganilib, 12.11.2019 yilda JKning 116-moddasi 4-qismi «a,b» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda ushbu jinoyat ishi bo‘yicha Shayxontohur tuman prokuraturasida dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, uning borishi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan.

Bundan tashqari, tuman prokuraturasi tomonidan yuqoridagi kabi holatlarni kelgusida sodir etilishini oldini olish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vaziriligiga taqdimnoma kiritilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuratura Mont Blanc

Baholaganlar

1920

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing