Toshkentdagi mudhish YTHda ikki kishi halok bo‘ldi
3-sahifa
−
21 yanvar 2021
6960Ijtimoiy tarmoqlarda Mirzo Ulug‘bek tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi haqida video tarqaldi. Toshkent shahar IIBB ushbu xabarlar bo‘yicha ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2021 yil 19 yanvar kuni taxminan soat 21:30 da Yuzrabod va Kozeva ko‘chalari kesishmasida ikkita transport vositasi – 23 yoshli Islombek D. boshqaruvidagi Damas (davlat raqami 10 Y 702 CA) hamda ishonchnoma asosida 29 yoshli Buxoro viloyatida yashovchi Bekzod R. boshqaruvida bo‘lgan VAZ-2115 (davlat raqami 10 E 017 NA) rusumli avtomobillar to‘qnashuvi ro‘y bergan.
YTH sababli VAZ-2115 rusumli avtomobil yo‘lovchilari – 18 yoshli buxorlik D.B. va 19 yoshli M.J. olgan jarohatlari tufayli voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan.
Bundan tashqari, VAZ-2115 haydovchisi va yo‘lovchi 27 yoshli Buxoro viloyatida yashovchi Shahrizod Sh. badan shikastlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.
YTHning taxminiy sababi sifatida Damas haydovchisi burilish vaqtida to‘g‘ri yo‘ldan harakatlanib kelayotgan VAZ-2115 avtomobiliga yo‘l bermagani keltirilmoqda. Natijada VAZ-2115 boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi daraxtga urilgan.
Mazkur fakt asosida Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport boshqarish qoidalarini buzish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov olib borilmoqda.