Toshkentdagi maktablardan birida o‘quvchini ilon tishlab oldi

Jamiyat

image

Toshkent shahri Bektemir tumanidagi 348-maktabda 6-sinf o‘quvchisini ilon tishlab oldi. Bu haqda shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi

Ma’lum qilinishicha, voqea shu yilning 10 may kuni tushdan so‘ng sodir bo‘lgan. 

Boshqarma xabariga ko‘ra, shu kuni soat 12:30 larda 6-sinfda tahsil oluvchi o‘quvchini maktab binosining ikkinchi qavati deraza rom qismining tirqishidan kirgan suv iloni tishlab olgan. Jabrlanuvchiga o‘z vaqtida birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilib, ota-onasi va sinf rahbari hamrohligida Toshkent shahridagi 16-sonli shifoxonaga olib borilgan. O‘tkazilgan tekshiruv natijasida o‘quvchi jiddiy jarohat olmagani ma’lum bo‘lgan va u shu kunning o‘zida maktabdagi darslarini davom ettirgan. 

Ma’lumot uchun, ushbu maktab dastlab O‘rtachirchiq tumani Xalq ta’limi boshqarmasiga qaragan va 52-sonli bo‘lgan. Bektemir tuman hokimining 2022 yil 14 yanvardagi qaroriga asosan u Bektemir tumani XTB tasarrufiga o‘tkazilib, 348-son raqami berilgan. Uning binosi 1978 yilda qurilgan bo‘lib, Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanining, hozirda Bektemir tumani Zabardast mahallasida, dala hududi bilan chegaradosh qismida joylashgan hamda uning yonidan kanal oqib o‘tadi. Binoda 2008 yildan buyon ta’mirlash ishlari olib borilmagan. 2023 yilning mart-aprel oylarida esa “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida uning tom qismida kapital ta’mirlash ishlari olib borilgan. Davlat dasturiga ko‘ra, maktab 2024 yilda to‘liq ta’mirlanishi ko‘zda tutilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent maktab ilon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing