Toshkentdagi ko‘p qavatli uy hali bitmasdan nuray boshladi
Jamiyat
−
27 Sentabr 2023
18214Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Sergeli tumanida qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan birining devor qismida katta yoriqlar paydo bo‘lgani haqida xabarlar keng jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘lyapti.
Xususan, Umida ismli Facebook foydalanuvchisi o‘z sahifasida ushbu holat bilan bog‘liq post joylagan.
“Sergeli mashina bozoriga yaqin joyda qurilayotgan ko‘p qavatli uylarni ko‘rishga borib, mana bu joyiga ko‘zim tushib qoldi. Alloh o‘zing bu yurtni zilzila va suv balosidan asra, deya bu yerdan uy olish niyatidan qaytdim”, deb yozgan u.
Shuningdek, Umidaning postiga boshqa ko‘plab foydalanuvchilar ham hazil aralash izoh yozgan.
“Bu uylarni orqa tarafidan o‘tib ko‘rib, biz ham qo‘rqib ketgandik. Eng qizig‘i shu uylar ham kimlargadir sotiladi va uni sotib olgan odam puliga kuyadi”, degan Yusuf ismli foydalanuvchi.
Yana bir fuqaroning yozishicha, uylarning devor qismida hosil bo‘lgan yoriqlar “yaxshilab suvalsa, bilinmay ketadi”.
Mazkur holat yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu qurilish ishlari Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga ko‘ra, xabardor qilish tartibi orqali Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasidan belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan.
“Ushbu holat bo‘yicha Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi hamda Toshkent shahar ma’muriy sudlarining hal qiluv qarorlari qabul qilingan”, deyiladi vazirlik munosabatida.
Unga ko‘ra, manzildagi qurilish ishlari sud organlarining yakuniy hal qiluv qarori qabul qilinguniga qadar, mas’ul MCHJga olib borilayotgan qurilish-montaj ishlarini vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risida ogohlantirish xati berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanidagi ko‘prik balkalari sinib, yo‘li cho‘kib ketgan edi. Oqibatda Toshkent-Termiz yo‘nalishidagi barcha transport vositalarining harakati cheklanib qolgandi.
LiveBarchasi