Toshkentdagi qush bozorida reyd o‘tkazildi
3-sahifa
−
16 mart
9866Toshkent shahrining Olmazor tumanida 1000 dan oshiq qush va cho‘l toshbaqalari noqonuniy sotilishining oldi olindi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 15 mart kuni vazirlik va bir nechta tashkilotlar bilan hamkorlikda qo‘shma nazorat tadbiri bo‘lib o‘tgan. Ijtimoiy tarmoqlarda esa shu jarayon aks etgan video tarqaldi.
“Tadbir Olmazor tumanida joylashgan qush bozorida tabiatdan noqonuniy ravishda tutilgan yovvoyi qushlar va hayvonlarning noqonuniy sotilishi holatlarini o‘rganish maqsadida qo‘shma nazorat tadbiri o‘tkazildi”, deyiladi xabarda.
Ushbu tadbirlar davomida 1168 dona qush (935 dona chumchuqsimonlar oilasiga, 33 dona maynasimonlar oilasiga, 200 dona to‘rg‘aysimonlar oilasiga va 3 dona qirg‘iysimonlar oilasiga mansub), shuningdek, 35 dona cho‘l toshbaqasi noqonuniy sotilayotganligi aniqlangan va daliliy ashyo sifatida olib qo‘yilgan.
Vazirlik xabariga ko‘ra, qushlar o‘zlari uchun yashashga qulay muhitga qo‘yib yuborilgan. Shuningdek, cho‘l toshbaqalari vaqtincha Toshkent hayvonot bog‘iga, 3 dona qirg‘iysimonlar oilasiga mansub qush esa vaqtincha Yovvoyi qushlarni himoya qilish jamiyatiga topshirilgan.
“Jonivorlar tibbiy nazorat va parvarishdan so‘ng tabiatga qo‘yib yuboriladi”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo viloyatida Qizil kitobga kiritilgan burgut noqonuniy tarzda saqlab kelinayotgani aniqlangandi.