Sirdaryoda noqonuniy burgut saqlagan shaxs jazolandi
3-sahifa
−
20 fevral
2939Sirdaryo viloyatida Qizil kitobga kiritilgan burgut noqonuniy tarzda saqlab kelinayotgani aniqlandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, boshqarmasi hamda tuman Ichki ishlar bo‘limi tomonidan kelib tushgan murojaat asosida o‘rganish o‘tkazilgan. O‘rganish davomida Boyovut tumanida fuqaro Y.A. tomonidan yirtqich qush – O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan burgut noqonuniy saqlab kelinayotgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 92-moddasi (Hayvonlar yashaydigan muhitni muhofaza qilish qoidalarini, zoologik va botanik kolleksiyalarni vujudga keltirish va ular bilan savdo qilish qoidalarini buzish, xuddi shuningdek hayvonlarni o‘zboshimchalik bilan boshqa joyga ko‘chirish, iqlimlashtirish yoki chatishtirish) bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, unga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari – 1 million 875 ming so‘m miqdorida jarima belgilandi.
“Burgut tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganidan so‘ng tabiat bag‘riga qo‘yib yuboriladi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, burgut tabiiy jihatdan kam uchraydigan, doimiy yashovchi va mahalliy tarqalgan qushlar turiga kiradi. U har doim kam sonli bo‘lgan. Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda taxminan 200 juft burgut yashaydi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 5 noyabrdagi 736-sonli qaroriga muvofiq, 2025 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslarga ayrim yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitda, sun’iy yaratilgan yashash joylarida yoki tutqunlikda saqlash taqiqlanadi. Shuningdek, ushbu hayvonlardan davlat va ko‘chma sirklarda (chodirlarda) tomoshalar uchun foydalanish ham man etiladi.
Qarorga binoan, taqiqlangan hayvonlar faqatgina Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining tegishli ruxsatnomasiga ega yuridik shaxslar tomonidan hayvonot bog‘lari, pitomniklar (terrarium, okeanarium va boshqalar)da saqlanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatining Romitan tumanida joylashgan Qoqishtuvon mahallasida yashovchi fuqaro o‘z xonadonida yovvoyi sher bolasini noqonuniy ravishda saqlab kelayotgani aniqlangandi. Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 92-1-moddasi 1-qismi asosida huquqbuzarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ish sud organlariga yuborilgan. Sher bolasi esa vaqtinchalik hayvonot bog‘iga joylashtirilgan.
LiveBarchasi
20 mart
Temu O‘zbekistonda bloklandi.
20 mart