Toshkentdagi Ipakchilik instituti hududida ko‘ngilochar maskan quriladi
Jamiyat
−
30 iyul 2683 2 daqiqa
Toshkent shahridagi Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti hududida noyob tut daraxtlari saqlab qolingan holda ekobog‘, sokin hordiq chiqarish uchun mo‘ljallangan sayilgoh hamda tematik va ko‘p funksiyali ko‘ngilochar maskanlar barpo etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Toshkent shahrini 2026–2027 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 279-sonli qarorida belgilandi.
Loyihaga muvofiq, institutning tegishli hududi mavjud bino va inshootlari bilan birgalikda operativ boshqaruv huquqi asosida Shayxontohur tumani hokimligiga bepul o‘tkaziladi. Shuningdek, mavjud bino va inshootlarni buzish, yangi qurilish va rekonstruksiya ishlarini amalga oshirishga ruxsat beriladi.
Loyiha yakunlanib, tematik va ko‘p funksiyali ko‘ngilochar maskanlar hamda xizmat ko‘rsatish nuqtalari foydalanishga topshirilgandan so‘ng, ular tayyor biznes shaklida yer uchastkalari bilan birga alohida lotlarga ajratilgan holda auksion savdolariga chiqariladi.
Yer maydonlari, bino va inshootlarni sotish hamda ijaraga berishdan tushgan mablag‘lar (baholash va sotish xarajatlari chegirilgan holda) Shayxontohur tumani hokimligining maxsus hisobvarag‘ida jamlanadi va tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tadbirlariga yo‘naltiriladi.
Loyihani 2026–2027 yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan. Mas’ul tashkilotlar etib Toshkent shahar hokimligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur qarorga muvofiq, “Chorsu” bozori va “Eski Juva” majmuasi hududlari kompleks rekonstruksiya qilinishi xabar qilingandi.
Live
Barchasi