Toshkentdagi “G‘alaba bog‘i” tayyor. Prezident 9 may kuni bog‘ni ochib berishi kutilmoqda (fotoreportaj)

Jamiyat

image

Poytaxt Toshkentning Olmazor tumanida Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan barpo etilayotgan “G‘alaba bog‘i” joriy yilning 9 may kuni mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida ochilishi kutilmoqda. Bu haqda QALAMPIR.UZ muxbiri xabar bermoqda. 

Bir necha kun avval bog‘da so‘nggi pardozlash ishlari yakunlangan. Bog‘ qad rostlagan ushbu maydonda avvalroq Olmazor tumani hokimligi, general Sobir Rahimov haykali, tuman Ichki ishlar bo‘limi, umumiy ovqatlanish shoxobchasi hamda sayilgoh mavjud edi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yilning 25 iyun kuni mazkur hududda bo‘lib, “G‘alaba bog‘i” qurilishi bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Ushbu topshiriq asosida bog‘ konsepsiyasi ishlab chiqildi.

“Bu bog‘ xalqimizning G‘alabaga qo‘shgan hissasini namoyon etishi, ota-bobolarimizning qahramonligini abadiylashtirishi kerak. Bu yerda Ikkinchi jahon urushi muhiti, vatandoshlarimiz qatnashgan janglar haqida ma’lumotlar aks etishi zarur”, degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Loyihaga muvofiq, boqqa kirishda ramziy darvoza shaklida G‘alaba arkasi bunyod etildi. Bog‘da urush davri manzaralari, jumladan, okop va blindajlar, palatkalar, dala oshxonalari va boshqa lavhalar aks etgan kompozitsion majmualar qurildi. O‘sha davrdagi harbiy texnika va qurol-yarog‘lar ko‘rgazmasi ochiq osmon ostidagi muzey vazifasini o‘tamoqda. Shuningdek, muzey, kutubxona, Wi-Fi zona, amfiteatr va kinoteatr tashkil etildi. Bog‘da o‘sha vaqtlardagi temir yo‘l vokzali ham bunyod etilib, o‘zbekistonlik jangchilarni urushga eltgan poyezd vogonlari ham olib kelib, joylashtirilgan. 

O‘zbek ayolining matonati timsoli sifatida Zulfiya aya Zokirova, uning urushdan qaytmagan besh farzandi hamda beva qolgan to‘rt kelini xotirasiga bag‘ishlangan “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasi o‘rnatilgan. 

9 may kuni ushbu bog‘da Davlat rahbari ishtirokida katta tantanali marosim bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. 

O‘zbekistonda bugungacha 9 may – Xotira va qadrlash kuni sifatida Toshkentning Mustaqillik maydoni yonginasida barpo etilgan Xotira hiyobonida o‘tkazilib kelinayotgan edi. Davlat rahbari har yili 9 may tongida ushbu maydonga tashrif buyurib, Motamsaro ona haykali poyiga gul qo‘yishi va urush qatnashchilari, mehnat faxriylari bilan uchrashishi an’anaga aylangandi. 


Maqola muallifi

Teglar

G'alaba bog'i

Baholaganlar

609

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing