Mirziyoyev G‘alaba bog‘idagi yodgorliklarga gul qo‘ydi
Jamiyat
−
12:30 1622 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 may kuni poytaxtdagi G‘alaba bog‘iga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari G‘alaba bog‘ida ushbu sana munosabati bilan tashkil etilgan xotira marosimida ishtirok etgan.
An’anaga muvofiq, Prezident Shavkat Mirziyoyev “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ygan.
“Bugun oramizda sog‘-salomat yashab kelayotgan urush va mehnat faxriylari, barcha nuroniylarimizga alohida mehrimiz, ehtiromimizni izhor etamiz. Ushbu majmua buyuk g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan ko‘p millatli xalqimizning jasorati va qahramonligini tarannum etadigan tabarruk maskan, desak, to‘g‘ri bo‘ladi”, degan Prezident.
Ma’lumotlarga ko‘ra, fashizmga qarshi qonli janglarda o‘sha paytda 6 million 800 ming nafarni tashkil etgan aholining qariyb 2 million nafari ishtirok etgan. Shundan 540 mingga yaqini halok bo‘lgan, 158 ming nafari bedarak yo‘qolgan, 50 mingdan ortig‘i konslagerlarda mislsiz qiynoq va azoblar tufayli halok bo‘lgan, 60 mingdan ziyodi nogiron bo‘lib qaytgan.
Tadbirda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari va nuroniylar ham ishtirok etib, mazkur yodgorlik poyiga gullar qo‘ygan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘alaba bog‘idagi “Millat fidoyilari” xiyobonida ham bo‘lib, mustaqillik yillarida mamlakat himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining xotirasiga hurmat bajo keltirgan.
“Bir yil oldin mana shu hududda “Millat fidoyilari” majmuasini barpo etganimiz, albatta, bejiz emas. U Vatan himoyasi har bir avlodning muqaddas ishi ekani, vatanparvarlik an’analari davomiyligini eslatib turadi”, degan Prezident.
Davlat rahbari ota-onalarga bahodir, dovyurak farzandlarni dunyoga keltirib, haqiqiy vatanparvar etib tarbiyalagani uchun chuqur minnatdorlik izhor etgan.
Live
Barchasi