Toshkentdagi bozorlar ko‘chiriladi

Jamiyat

image

Toshkent shahridagi oziq-ovqat, dehqon va buyum bozorlarida qurilish va rekonstruksiya ishlari boshlanyapti. Bu haqda poytaxt hokimligi ma’lum qildi. 

Aytilishicha, ushbu ishlarning birinchi bosqichida, poytaxtning barcha bozorlariga mahsulotlarni asosiy  yetkazib beruvchisi bo‘lgan Toshkent qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulgurji bozori rekonstruksiya qilinadi.

"Bozorga olib kelinayotgan mahsulotlar bozor hududiga sig‘may, atrofidagi hududlarda, shu jumladan Chirchiq kanali bo‘yida tartibsiz savdo amalga oshirilayotgani hamda bozor hududiga kuniga 600 dan ortiq yuk mashinalari kirib-chiqishi avtomobil yo‘llarining tirbandligiga asosiy sabab bo‘lmoqda va aholiga jiddiy noqulayliklar yaratmoqda", deyiladi ushbu e’londa.

Rekonstruksiya davrida tadbirkorlar o‘z faoliyatini “Food city”, “Tashkent Index” va boshqa savdo majmualarida tashkil etilgan qulay sharoitlarda davom ettirilishi taklif qilinadi.

Bunda, tadbirkorlar mulklarini ko‘chirish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar (transport, yuklash, tushirish va boshqalar) bepul amalga oshiriladi hamda savdo majmualaridagi do‘konlar uchun ijara to‘lovlaridan 3 oyga ozod qilinadi.

Shuningdek, aholiga qulay sharoit yaratish maqsadida “Qo‘yliq” massividan bozor hududigacha yo‘lkira xaqi olinmaydigan 10 ta avtobus yo‘nalishga qo‘yilib,  jamoat transporti uchun shohbekat tashkil qilindi va shaharning barcha yo‘nalishlarga chiqish imkoni yaratildi.

Bozorda faoliyat yuritayotgan 144 nafar ishchi-xodimlar “Food city” va “Tashkent Index” savdo majmualarida ish bilan ta’minlanadi.

Bu bilan oziq-ovqat, dehqon va buyum bozorlaridagi sotuvchi va xaridorlarga qulaylik yaratish, bozorlar faoliyatini takomillashtirish, ularning sanitariya-gigiyena hamda yong‘in xavfsizligi talablariga javob beradigan holatga keltirish maqsad qilingani aytilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent bozorlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing