Toshkentdagi bozorda janjal ko‘targan savdogarlar jazolandi

3-sahifa

image

 

Avvalroq, Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi bozorlardan birida bir necha savdogarlar o‘zaro janjallashgani aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Ushbu savdogarlar ma’muriy javobgarlikka tortildi. QALAMPIR.UZ sud hukmi bilan tanishdi.

Sud hujjatlarida qayd etilishicha, joriy yilning 15 aprel kuni Yashnobod tumanidagi bozorlardan birida shu bozorda savdo qiluvchi fuqarolar – 1998 yilda tug‘ilgan A.A., 2006 yilda tug‘ilgan Z.D., 1982 yilda tug‘ilgan N.E. hamda 1984 yilda tug‘ilgan M.M. lar tortishib qolib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan o‘zaro janjallashib ketgan. Voqea “Aviasozlar” dehqon bozori oldida yuz bergan. Ular bir-birlarini har xil uyatsiz so‘zlar bilan haqorat qilgan. Shuningdek, sotuv mahsulotlariga zarar bergan.

Holat yuzasidan kecha, 29 aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida bo‘lib o‘tgan sudda fuqaro A.A. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida (mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan topildi va 3 sutkaga qamaldi. Shuningdek, undan ma’muriy qamoqning har bir kuniga bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdorida, ya’ni 168 ming 750 so‘m davlat foydasiga undirilishi belgilandi.

Qolgan 3 fuqarolar – Z.D., N.E. hamda M.M.ga yuqoridagi moddaga asosan BHMning 3 baravari (1 million 125 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyatining Jizzax shahrida erkak va ayol sotuvchi homilador ayolni kaltaklagan edi. Mazkur holat yuzasidan Jizzax shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan ayolni do‘pposlaganlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 109-moddasi (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Yashnobod tumani ma'muriy javobgarlik mayda bezorilik dexkon bozor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing