Toshkentdagi avtobuslarda yo‘l haqini naqd pulda to‘laganlar jarimaga tortilmasligi aytildi
Jamiyat
−
08 yanvar
4194Xabaringiz bor, Toshkent shahrida 2025 yil 1 yanvardan boshlab, avtobuslar naqd pul qabul qilish amaliyotini to‘xtatdi. Avvalroq, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) endilikda yo‘l haqini naqd pul ko‘rinishida bergan yo‘lovchilar jarimaga tortilishi haqida ma’lum qildi. Kecha, 7 yanvar kuni Transport vazirligi bu ma’lumotlarni rad etdi.
Transport inspeksiyasi poytaxt bo‘limi inspektori Salimjon Nishonboyevning O‘zAga bergan intervyusida ma’lum qilishicha, naqd to‘lovlarni qabul qilishda haydovchilar uchun ham, yo‘lovchilar uchun ham ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, birinchi martasida yo‘lovchilar va haydovchilar ogohlantiriladi, keyin esa ular Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144 (Chiptasiz sayohat) va 145 (Yo‘lovchilarni chiptasiz tashish) moddalari bo‘yicha jarimaga tortiladi. Chiptasiz sayohat qilganlik uchun jarima BHMning 1/10 qismini yoki 37,5 ming so‘mni tashkil etadi.
“Ijtimoiy tarmoqlar orqali Toshkent shahridagi avtobus yo‘nalishlarida naqd pulda to‘lov qilgan yo‘lovchilar jarimaga tortilishi to‘g‘risida asossiz ma’lumotlar joylanmoqda”, deyiladi vazirlik xabarida.
Vazirlik matbuot kotibining ma’lum qilishicha, bugungi kunda Toshkent shahridagi oraliq bekatlar soni ikki yarim mingdan ortiqni tashkil etadi. Bir martalik QR-chiptalarni sotib olish imkonini taqdim etuvchi infokiosklar soni esa 5500 ta bo‘lib, ularning aksariyati bevosita bekatlarda, qolgan qismi esa bekat hududiga yaqin – 300 metr radiusda joylashtirilgan.
Bildirilishicha, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 144-moddasida yo‘lovchining trolleybusda, tramvayda, shahar ichida va shahar atrofiga qatnaydigan avtobusda chiptasiz yurishi — BHMning o‘ndan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan. Bundan ma’lumki, yo‘l haqini naqd pulda to‘lagan yo‘lovchilar jarimaga tortilmaydi, balki chiptasiz yurgan yo‘lovchilar BHMning 1/10 qismi yoki 37,5 ming so‘m miqdorda jarimaga tortiladi.
LiveBarchasi