Toshkentdagi 86 ta nuqta pulli “parkovka”lar tashkil qilish uchun sotildi
Jamiyat
−
25 noyabr
953Toshkent shahridagi yo‘l bo‘ylarida avtoturargoh tashkil qilish uchun 86 nuqtaning ijaraga berilishi bo‘yicha onlayn auksion o‘tkazildi va ushbu huquq 120 milliard so‘mga sotildi. Bu haqda “E-auksion” portalida e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, auksion ishtirokchilari umumiy 22 ta taklif bildirgan va savdo 2 soatdan ko‘proq vaqt davom etgan. Yakunda Balcomuz kompaniyasi lot uchun 57,2 mlrd so‘m bo‘lgan boshlang‘ich narxdan qariyb 2 barobar yuqori – 120,15 mlrd so‘mlik taklif bilan g‘olib bo‘lgan.
Ma’lumot o‘rnida, bir lot doirasida Toshkent shahridagi ijaraga beriladigan maydonlarning umumiy hajmi 262,8 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. Ijara muddati esa 3 yil. Ijarachi dastlabki 2 yilda avtoturargohlarni jihozlash, parkomatlar, harakatni tashkil etish vositalari va kommunikatsiya tarmoqlarini o‘rnatish uchun kamida 5 mln dollar sarmoya kiritishi zarur bo‘ladi.
Ulardan tushgan tushumning kamida 12 dan 1 qismi Toshkent shahar yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkaziladi. Shuningdek, ijarachi avtoturargohlardan maqsadli va qonuniy foydalanish monitoringini ta’minlashi ham zarur bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar hokimining tegishli qarori qabul qilinib, shaharda pulli “parkovka” narxlari tasdiqlangan edi. Qarorga muvofiq, 5 ta tarif zonasi mavjud va ularning narxi zonadagi “parkovka”ga bo‘lgan talabga qarab o‘zgaradi. Xususan, birinchi zona shahar markazini va to‘xtash joylariga bo‘lgan ehtiyoj yuqori bo‘lgan eng tirband hududlarni qamrab oladi va ulardan foydalanish soatiga 12 000 so‘mni tashkil etadi. Aksincha, beshinchi zona – eng chekka va kam gavjum hududlar uchun narx 5 000 so‘m etib belgilangan.
LiveBarchasi