Toshkentdagi 1-sonli shahar klinik shifoxonasida aslida nima bo‘lgan?
Jamiyat
−
09 iyul
12178Bugun, 9 iyul kuni Toshkentdagi 1-sonli shahar klinik shifoxonasida bino darz ketgani va balkon qismi o‘pirilib tushgani haqida xabarlar tarqaldi. QALAMPIR.UZ tezkor jamoasi vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida voqea joyiga yetib bordi.
Bosh shifokor Sodiqjon Alimovning bizga ma’lum qilishicha, kecha, 8 iyul kuni soat 10:30 lar atrofida besh qavatli binoning 2-qavatidagi balkonning tagidagi to‘sin darz ketgani aniqlangan. Bu bo‘yicha FVB xodimlariga xabar berilgan.
FVB xodimlari binoni o‘rganib, ekspert xulosasini olish zarurligini aytgan va ular kelgunga qadar binoning shu tarafidagi bemorlarning bir qismi binoning narigi tomoniga ko‘chirilgan.
“Tekshiruv natijasida binoning zararlanishi lokal xarakterga ega ekani, ya’ni faqat bitta balkonga taalluqliligi va shu balkonning konstruksiyalarini olib tashlash kerakligi to‘g‘risida xulosa berildi. Shu munosabat bilan bugun quruvchilarni chaqirdik. Birorta bemor shifoxonadan chiqartirilgani yo‘q. Binoga zarar yetgani yo‘q. Bino to‘liq o‘z vazifasini bajaryapti. Xavotirga o‘rin yo‘q”, deydi Sodiqjon Alimov.