Toshkentda jamoat transportini boshqarishning yagona tizimi joriy etiladi
Jamiyat
−
27 mart
7728Toshkent shahrida jamoat transportini boshqarishning yagona intellektual tizimi joriy etiladi. Bu haqda joriy yilning 25 mart kuni “Jamoat transportini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, yo‘lkira tushumlarining to‘liq yig‘ilishini tahlil qilish, yo‘lovchi tashishni moliyalashtirishning shaffofligini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya boshqarmalari huzurida davlat muassasasi shaklida “Maxsus jamg‘armalar mablag‘larini boshqarish, yo‘nalishlar ishini tahlil qilish va pul tushumlari monitoringi guruhlari” tashkil etiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2024 yil 1 iyunga qadar jamoat transportida yo‘lkira haqini to‘lashda elektron to‘lov tizimidan foydalanishni rag‘batlantiruvchi tariflar joriy etilishini ta’minlaydi.
2024 yil 1 iyunga qadar Toshkent shahrida muntazam avtobus yo‘nalishlarida yo‘lovchilar hisobini yuritish, haydovchilar ishini va pul tushumlarini nazorat qilish, avtobuslar texnik holatini monitoring qilish, ajratilgan yo‘laklarda yo‘l harakati qoidalari buzilishini qayd etish bo‘yicha jamoat transportini boshqarishning yagona intellektual tizimi joriy etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda kanatli jamoat transporti yo‘lga qo‘yilishi aytilgan edi.
LiveBarchasi