Toshkentda YPX xodimini haqoratlab, “shantaj” qilgan ayollar jazolandi (video)

3-sahifa

image

Kecha, 29 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida ayol kishi va ichki ishlar organi xodimi o‘rtasidagi janjal aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati munosabat bildirdi.

Bildirilishicha, YPX xodimi Gentra rusumli avtomobilni to‘xtatgan va haydovchining monitordan foydalanib kelayotganini aniqlagan. Shu sababli xodim haydovchiga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirmoqchi bo‘lgan. Shunda haydovchi qo‘l qo‘yishdan bosh tortib, xodimga qarshilik ko‘rsatgan. Uning orqasidan esa ayol kishi kelib, xodimga qarata haqoratli so‘zlar ishlatgan. Xodim esa xolislar ishtirokida jarima rasmiylashtirgan.

Keyinroq janjal ko‘tarish uchun kelgan ayolning ham hujjatlari tekshirilganda uning transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgani hamda oldi oynasidagi tonirovka uchun ruxsatnomasi yo‘qligi aniqlangan.

Shu asosda YPX xodimi ayolning mashinasini jarima maydonchasiga joylashtirib, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirishga kirishadi, biroq faol qarshilikka uchraydi.

“Videoga olishni boshladi. Video chiqmasligi uchun qo‘llaridan telefonni yulib oldim. Keyin jarima maydoniga olib boramiz deyishdi. Birinchi qarshilik ko‘rsatdim. Jarima maydoniga bordik. O‘zim bilmagan holda, jahl ustida haqoratli so‘zlarni ishlatdim. Bu holat menga dars bo‘ldi. Qilgan ishimdan pushaymonman. Ichki ishlar xodimidan va xalqimizdan haqoratli so‘zlar ishlatganim uchun uzr so‘rayman”, deydi ayol.

Sud qarori bilan ayol haydovchi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41- (Haqorat qilish) va 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 30 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Erkak haydovchi esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183- (Mayda bezorilik) va 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Vaziyatda ishtirok etgan ayollardan yana biri Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 3 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlangan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyatida xizmat vazifasini olib borayotgan xodimlarni haqoratlagan qoidabuzar fuqaroga 15 sutkaga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent shantaj YPX xodimi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing