Toshkentda yovvoyi cho‘chqa noqonuniy tarzda otib o‘ldirildi
3-sahifa
−
05 Oktabr
6979Kecha, 4 oktyabr kuni Toshkent viloyatining Angren shahrida yovvoyi cho‘chqani noqonuniy tarzda otib o‘ldirganlar jarimaga tortildi. Bu haqda viloyat Ekologiya boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Ekologiya boshqarmasi, viloyat Milliy gvardiya hamda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bilan birgalikda Angren shahri “Jigariston” MFY hududida nazorat tadbiri o‘tkazilgan.
Tadbir davomida fuqarolar I.Z. va Y.B. tomonidan yovvoyi cho‘chqani mahallaning tog‘li hududida ov qurolida otib o‘ldirganlik holati aniqlangan. Oqibatda hayvonot dunyosiga 16 million 875 ming so‘m zarar yetkazilganligi aniqlangan. Holat yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasi (Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek, hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish) 3-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ularga 7 million 500 ming so‘m miqdorida jarima chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyatining Navbahor tumanida o‘tkazilgan reydda uch fuqaro Zarafshon daryosida elektr qarmoq yordamida noqonuniy baliq tutgani aniqlandi. Huquqbuzarlar jami 26 ta tovon, 8 ta oq amur, 6 ta do‘ngpeshona, 32 ta zog‘ora, 32 ta laqqa, 249 ta Samarqand loyxo‘ragi hamda 46 ta O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan Turkiston mo‘ylovdori baliqlarini ovlagan. Oqibatda tabiatga 6 milliard 324 million so‘m zarar yetkazilgan.