Toshkentda YeOIIga qiziqish ortib bormoqda – Rossiya
Jamiyat
−
04 noyabr 2023
10200Rossiya O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOI) doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash istagini olqishlaydi va yuqori baholaydi. Bu haqda kecha, 3 noyabr kuni Samarqandda davom etayotgan Verona Yevrosiyo iqtisodiy forumida Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Grushko ma’lum qildi.
“Biz katta mamnuniyat bilan qayd etamizki, Toshkentda, O‘zbekiston zaminida Yevrosiyo integratsiyasiga qiziqish ortib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasining 2020 yilda YeOIIda kuzatuvchi davlat maqomini olgani buni tasdiqlaydi. Bu o‘zbekistonlik do‘stlarimizga ittifoq faoliyatiga yanada chuqurroq kirib borish imkonini beradi. Biz YeOIIda hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bu ruhni olqishlaymiz va yuksak qadrlaymiz”, degan Grushko.
Bundan tashqari, vazir o‘rinbosari Rossiya MDH davlatlari bilan ko‘p tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratayotganini ta’kidlagan. Uning aytishicha, hamdo‘stlik faoliyatining savdo-iqtisodiy yo‘nalishini kengaytirish, qulay sarmoyaviy muhitni saqlash va texnologik suverenitetni mustahkamlash muhim vazifalar sanaladi.
“Biz MDH va YeOIIga a’zo davlatlar iqtisodiyotining ob’ektiv o‘zaro bog‘liqligi mavjudligiga qat’iy ishonamiz. Ushbu mintaqaviy integratsiya birlashmalarining barqaror rivojlanishini ta’minlash uchun qarorni milliy Yevrosiyo darajasida sinxronlashtirish muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, Yevrosiyo integratsiyasining tartibga soluvchi matritsasini ishlab chiqish zarur. Biz MDH davlatlarining ichki imkoniyatlariga e’tibor qaratamiz. Ular o‘z-o‘zini rivojlantirish va barcha tashqi tahdidlar va xavflar oldida barqarorlikni ta’minlash uchun yetarli”, degan Rossiya TIV rahbari o‘rinbosari.
Ma’lumot uchun, Samarqand shahrida XVI Verona Yevrosiyo iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tmoqda. Forum Italiyaning “Understanding Eurasia” notijorat assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamkorligida tashkil etilgan.
Verona Yevrosiyo iqtisodiy forumi 2007 yildan beri Italiyada (Verona) o‘tkazib kelinardi. 2022 yilda tadbirga mezbon davlat Ozarbayjon (Boku) bo‘lgan. 2023 yilda Samarqand XVI Verona Yevrosiyo iqtisodiy forumini o‘tkazish joyi sifatida tanlangan.
LiveBarchasi